OʻZBEKFILM

«OʻZBEKFILM» — badiiy filmlar ishlab chiqaruvchi kinostudiya. «Oʻzbekkino» milliy agentligi tizimida. Dastlab 1925 yil 4-iyunda Toshkentda «Sharq yulduzi» nomi bilan kinostudiya tashkil boʻlgan. Shayxontohurdagi Eshonqul madrasasi binosiga joylashgan. 20-y. larda «Ikkinchi xotin», «Masjid gumbazlari ostida», «Soyabon arava», «Ravot qashqirlari», «Chodira» kabi filmlar ishlangan. 1925—26 yillar mobaynida 20 dan ortiq toʻla, 30 dan ortiq qisqa metrajli xronikal filmlar yaratilgan. 1932-yil «Sharq yulduzi» «Oʻzbekfilm» nomini oladi. 1930-yil gacha filmlarni, asosan, oʻzbek xalqining milliy anʼanalaridan yiroq rus rej. lari ishlagan. 30-y. lardan Nabi Gʻaniyev mustaqil filmlar yarata boshlagan: «Yuksalish», «Ramazon», «Iigit», Sulaymon Xoʻjayev «Tong oldidan», Yoʻldosh Aʼzamov «Qilich» filmlarini ishladilar. Ular bilan yonmayon O. Frelix («Avliyo qizi»), N. Klado («Bagʻdodda «amerika» paxtasi», «Oʻlim qudugʻi») lar ham faoliyat yuritgan. 1939-yil kinostudiyaga «Toshkent kinostudiyasi» nomi berildi. 2-jahon urushi yillari Toshkentga evakuatsiya qilingan Ukraina, Belorussiya kinostudiyalari, «Mosfilm», «Lenfilm»larning kelishi munosabati bilan «Birlashgan Toshkent kinostudiyasi» (titrda «Toshkent kinostudiyasi» deb yozilgan) nomi bilan yuritilgan. «Biz yengamiz» ( rej. K. Yormatov, N. Gʻaniyev), «Dovyurak doʻstlar» (N. Gʻaniyev), «Filmkonsert» (Y. Aʼzamov), «Frontdagi doʻstlarga» (K. Yormatov), «Besh respublika konserti» (Z. Sobitov), «Aleksandr Parxomenko», «Ikki jangchi» (L. Lukov), «Nasriddin Buxoroda» (Ya. Protazanov), «Uning ismi Suxe Bator» (A. Zarxi, I. Xeyfis) kabi filmlar ishlandi.

Urushdan keyingi yillar ekranga oʻzbek xalqi madaniyatining yutugʻi boʻlgan mumtoz «Tohir va Zuhra» (1945), «Nasriddinning sarguzashtlari» (1946, ikkalasining rej. i N. Gʻaniyev), «Alisher Navoiy» (1947, K. Yormatov) filmlari ekranga chiqsi. 1947—52 yillar SSSR kinematografiyasi vazirligi buyrugʻiga binoan, birorta ham film ishlanmagan. Tanaffusdan soʻng ishlangan film «Paxtaoy» (K. Yormatov) boʻldi.

«Boy ila xizmatchi», «Qutlugʻ qon» (L. Fayziyev), «Opasingil Rahmonovalar», «Abu Ali ibn Sino» (K. Yormatov), «Gulbahor» (Y. Aʼzamov), «Stadionda uchrashamiz» (Z. Sobitov) singari filmlar 50-y. lar yaratildi. 1955-yil «Amirlikning yemirilishi» nomli birinchi rangli badiiy film (rej. L. Fayziyev, V. Basov) ekranga chiqdi. 1958-yildan yana hoz. nomda. 1959-yilda Chilonzorda qurilgan yangi binoga koʻchib oʻtgan.

60-y. lar kinostudiyada mavzu jihatdan boy, badiiy yoʻnalishi ravon, asosiy qahramoni yoshlar boʻlgan filmlar ustunlik qildi. «Mahallada duvduv gap» (Sh. Abbosov), «Sinchalak» (L. Fayziyev), «Laylak keldi, yoz boʻldi» (A. Hamroyev), «Surayyo» (U. Nazarov), «Nafosat», «Sevishganlar» (E. Eshmuhamedov), «Sen yetim emassan», «Toshkent — non shahri» (Sh. Abbosov), «26otilmasin», «41yil olmalari» (R. Botirov), «General Rahimov» (Z. Sobitov), «Oy borib, omon qayt» (H. Fayziyev), «Nodirabegim» (K. Yormatov), «Ulugʻbek yulduzi» (L. Fayziyev), «Abu Rayhon Beruniy» (Sh. Abbosov), «Oʻtgan kunlar» (Y. Aʼzamov) va boshqalar shular jumlasidan. Kishilar xarakteri va oʻzaro munosabatlar, turmush tarzi va mehnatini koʻrsatuvchi filmlar yaratish kinostudiya ijodkorlari oldidagi asosiy vazifaga aylandi va uning natijasi oʻlaroq «Seni kutamiz, yigit» (R. Botirov), «Umidimiz qushlari», «Dahoning yoshligi» (E. Eshmuhamedov), «Nodirabegim» (K. Yormatov), «Shum bola» (D. Salimov), «Mevazorlik ayol» (A. Hamroyev) va boshqalar filmlar ekranga chikdi.

80-y. larning oxiri, «qayta qurish» yillari «Oʻzbekfilm» da yangi avlod rejissyorlari ish boshladi: R. Malikov, A. Fatxullin, S. Nazarmuhamedov, Z. Musoqov, D. Davlatov, I. Ergashev va boshqalar shular jumlasidan.

«Alvido, gʻoʻr yoshligim» (E. Eshmuhamedov), «Klinika» (R. Malikov), «Boʻrilar» (S. Nazarmuhamedov), «Siz kimsiz?» (J. Fayziyev), «Soldat ertagi» (Z. Musoqov), shaxsga sigʻinish sharoitidagi qahra. monlar hayoti aks etgan «Tosh sanam» (I. Ergashev), «Yovvoyi» (Q. Kamolova) hamda hamkorlikda ishlangan «Muhabbat va nafrat» (R. Botirov, J. Ristich), «Alibobo va qirq qaroqchi», «Sevgi afsonasi» (L. Fayziyev, U. Mehra) kabi filmlar suratga olindi.

Mustaqillikdan soʻng Oʻ«.»ning yangi tarixi boshlandi. Oʻzbek kinosini yaxshilash va rivojlantirish maqsadida 1992 va 1996-yillar Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan chiqarilgan qarorlar Oʻ«.»ni moliyalash va faoliyatini muvofiqlashtirishda sezilarli oʻzgarishlarga olib keldi. Shundan soʻng film mazmuni, qahramonlari va uslubida milliylik kuchaydi. «Voiz» (Yu. Roziqov), «Yolgʻiz yodgorim» (S. Nazarmuhamedov), «Chimildiq» (M. Abzalov), «Dilxiroj», «Oʻrtoq Boykenjayev» (Yu. Roziqov), «Yodgor» (X. Nasimov), «Qor ustidagi lola» (E. Toʻychiyev, A. Shaxobiddinov) va boshqalar bunga misoldir. «Alpomish» (H. Fayziyev), «Osmondagi bolalar», «Osmondagi bolalar — 2» (Z. Musoqov), «Dev bilan pakana» (J. Qosimov), «Fellini» (N. Abbosov), «Qismat» (A. Akbarxoʻjayev, A. Ismoilov) va boshqalar keyingi yillar mahsulidir.

Xanjara Abulqosimova.