OʻZBEKISTON TARIXI DAVLAT MUZEYI

OʻZBEKISTON TARIXI DAVLAT MUZEYI — Oʻzbekiston FA ning yirik ilmiy tekshirish va madaniy-maʼrifiy muassasalaridan biri. 1876-yilda Toshkent muzeyi nomida tashkil etilgan. 1883 yil Turkiston ommaviy kutubxonasi bilan birlashtirildi. Etn., arxeologiya, numizmatika, harbiytarix boʻlimlari boʻlgan (1903). 1918-yil Turkiston oʻlka xalq muzeyiga, 1922-yildan Turkiston Bosh muzeyiga, 1925-yildan Oʻrta Osiyo Bosh muzeyiga aylantirildi. 1943-yildan Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi deb nomlangan. 1969—92 yillar Oybek nomidagi Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi deb atalgan. 1992-yil 21 apr. dagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 203sonli qaroriga muvofiq, bir necha muzeylarni birlashtirish asosida hoz. nomi bilan qayta tashkil etildi.

Muzey Oʻzbekiston va Oʻrta Osiyo xalqlarining moddiy va maʼnaviy obidalarini saqlash va oʻrganish boʻiicha mamlakatda yirik ilmiy tekshirish markazi hisoblanadi. Hoz. kunda uning zaxirasida 250 mingga yaqin tarixiy, sanʼat va madaniyat yodgorliklaridan iborat osori atiqalar saqlanadi. Buning 60 mingdan ortigʻini arxeologiya, 80 mingdan ziyodi numizmatika va 16 mingdan ortigʻini etn. yodgorliklari tashkil etadi. Unda mahalliy oʻlkashunoslar, oʻtmish bilan qiziquvchi havaskorlardan toʻplangan oʻlka tarixiga oid numizmatika, arxeologiya, uyroʻzgʻor buyumlari va fotosuratlardan iborat kolleksiyalar ham mavjud.

Arxeologiya fondida arxeologik yodgorliklardan topilgan ashyolar, devoriy tasvirlar, uyroʻzgʻor buyumlari, mehnat qurollari, qadimiy yozuvlar tasvirlangan ashyolar va boshqalar buyumlar saqlanadi.

Numizmatika fondida esa eng qadimiy davrlardan to shu kungacha zarb etilgan oltin, kumush, mis tangalar, pullar, oltin va kumush medallar va podsho sulolalarining muhrlari jamlangan.

Muzeydagi etn. fondi esa nihoyatda qimmatli buyumlardan iborat boʻlib, xalqimizning uyanjomlari, kiyimkechaklari, zargarlik buyumlari, xalq hunarmandchiligining hamma sohasiga oid ish qurollari va mahsulotlaridan namunalar — har bir etn. hududning oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Shulardan 10 mingdan ortigʻi oʻzbek xalqining ijtimoiy hayotiga oid boʻlsa, 6 mingi Oʻzbekiston hududida yashovchi boshqa millatlarga taalluqlidir.

Muzeyning yangi ekspozitsiyasi Oʻzbekistonni jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini, shu bilan birga Oʻzbekiston hududidagi tarixiymadaniy jarayonlarning eng qadimiy davrlardan boshlab hozirga qadar boʻlgan taraqqiyotini oʻzida aks ettirgan.

YunonBaqtriya, Kushon, Koʻhna Xorazm, Naxshab, Buxoro va Chochda zarb qilingan tangalar alohida diqqatga sazovor. Bu tangalarda mahalliy hukmdorlarning qiyofasi, boshqalarida esa qabila belgilari yoki tamgʻalari zarb qilingan. Muzey ekspozitsiyasida Oʻrta Osiyoda hukmronlik qilgan tohiriylar, somoniylar, qoraxoniylar, temuriylar, Buxoro, Xiva va Qoʻqon xonliklariga mansub tangalar namoyish etilgan.

Muzey arxiv va kutubxonaga ega. Muzey faoliyati davomida olimlar tomonidan ilmiy asarlar, ilmiy va ommabop kitoblar, albom, buklet va turli koʻrsatkichlar hamda maktab oʻquvchilari va talabalar tarbiyasi uchun ilmiymetodik qoʻllanmalar nashr etib kelmoqda. Ular orasida keyingi yillarda nashr etilgan «Temuriylar sulolasining tangalari» (1996); «Katalog metallicheskix i keramicheskix izdeliy Uzbekistana XSHX1X vv» (2000); «Oʻzbek milliy kiyimlari» (2002); «Fargʻona vodiysidagi milliy ozodlik kurashlari» (2003); «Toshkentning yangi shahar qismi tarixi» (2004) kabi nashrlar bor.

Muzeyda 4 ta fan d-ri va 4 ta fan nomzodi ishlaydi. 2003-yil apr. da muzey qoshida ilmiymetodik kengash tashkil qilingan.

Muzey 1964-yildan 1887-yil qurilgan sobiq Turkiston davlat palatasi binosida faoliyat yurgizgan. 1992-yil apr. dan sobiq Lenin muzeyi binosiga koʻchib oʻtdi. Mazkur bino (1970, meʼmori Ye. Rozanov, V. Shestopalov va boshqalar) Toshkent shahrining markazida Sharof Rashidov shohkoʻchasida joylashgan. Bino murabba tarhli, 20 ta zal (umumiy ekspozitsiya mayd. 3,2 ming kv. m), maʼruzalar (500 kv. m) hamda konferensiya (170 kv. m) zallari, ustaxonalar, fond, ish xonalaridan iborat. Anʼanaviy panjara uslubida ishlangan quyosh nuridan saqlovchi toʻsiqlar oddiy geometrik shakldagi binoga jozibadorlik baxsh etgan; keng yoʻlka (pandus) bino oldi maydoniga olib borib, 2qavat vestibyuli bilan bogʻlanadi. Bino 1999—2003-yillarda qayta taʼmirlandi (meʼmor R. Iskandarov va boshqalar), ichki tuzilishi oʻzgartirildi, yangi dizaynda zamonaviy texnika bilan jihozlandi. Ustaxonalar, fond hamda xodimlarning ish xonalari 1qavatda joylashgan. Bino interyeri milliy anʼanalarda (ganchkorlik — M. Usmonov va boshqalar; yogʻoch oʻymakorligi — K,. Haydarov va boshqalar) ziynatlangan, taʼmirlash davrida mahobatli devoriy rasmlar (rassom A. Ikromjonov, A. Aliqulov) bilan bezatilgan.

Jannat Ismoilova.