OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY KITOB PALATASI

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY KITOB PALATASI — Oʻzbekistondagi bibliografiya va matbaa statistikasi soxasidagi markaz. 1926 yil 3 yanv. da Samarqandda tashkil etilgan. 1934-yildan Toshkentda. Oʻ. R. m. k. p. (MKP) matbuot statistikasi materiallarini tayyorlaydi, respublikada nashriyotchilikning rivojlanishini baholaydi, uni rejalashtirishga yordam beradi. Respublikadagi barcha nashriyot va nashriyot huquqiga ega boʻlgan tashkilotlar mahsulotini qabul qiladi, ularning statistikasi bilan shugʻullanadi, barcha kitoblar, shuningdek, jur. lar, toʻplam va gaz. lardagi asosiy materiallar bibliografiyasini tayyorlaydi, matbaa nashrlarining xalqaro standart belgilarini joriy etish va milliy matbaa arxivini tashkil etish bilan shugʻullanadi.

MKP tarkibida nazorat nusxasini qabul qilish va matbuot statistikasi, kundalik bibliografiya, bibliografik maʼlumotnomalar, kataloglar, matbaa arxivi kabi tarmoqlar mavjud. 1927-yildan respublikadagi matbuot nashrlarining majburiy nusxasini olib, ular asosida ilmiy bibliografiya, matbuot statistikasini amalga oshiradi. MKP 1969-yildan oʻzbek tilida, 1971-yildan rus tilida alifbo va sistematik kataloglar yordamida turli bibliografik maʼlumotnomalar tayyorlaydi. 1928-yildan «Oʻzbekiston matbuoti solnomasi» va uning tarkibida 3 oyda 1-marta «Tanqidiy maqolalar solnomasi», «Tasviriy sanʼat asarlari solnomasi», «Vaqtli nashrlar solnomasi» va boshqalar nashr etiladi.

MKP 1976-yildan Oʻzbekistonda (1920-yillardan) chop etilgan kitoblar bibliografiyasini tayyorlab, kitob holida nashr qilishga kirishib, 30 jildli kitoblar solnomasini tayyorladi. Shu bilan birga, turli sohalarga oid oʻnlab maxsus nashrlar ham oʻquvchilarga taqdim etildi. Jur. materiallari, gaz. maqolalari solnomalari ham oymaoy nashr etib boriladi. Milliy matbaa bibliografiyasi elektron shaklda ham tayyorlanmoqda.

MKPning arxiv fondida qariyb 80 yil davomida Oʻzbekistonda chop etilgan 3 mln. 230 ming saqlov birligidan iborat bosma nashrlar mujassam. MKP bibliografiya nazariyasi va metodikasi boʻyicha ilmiymetodik ishlar olib boradi. Har yili arxiv fondiga Oʻzbekistondagi nashriyotlar chop etayotgan mingdan ortiq kitob, shuningdek, 110 nomdagi jur. va byulletenlarning, 510 dan ortiq nomdagi gaz. ning har bir soni qoʻshib boriladi. MKP 2002-yilga qadar Oʻzbekiston Davlat matbuot qoʻmitasi huzurida ish yuritgan, keyin esa Oʻzbekiston milliy kutubxonasi tarkibiga oʻtkazilgan.

Zuhriddin Isomiddinov.