OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI AMALIY SANʼATI MUZEYI

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI AMALIY SANʼATI MUZEYI — madaniy-maʼrifiy, ilmiy muassasa; 1937-yilda Toshkent shahrida ochilgan muvaqqat hunarmandlik koʻrgazmasi zaminida amaliy sanʼat (hunarmandchilik) muzeyi tashkil qilingan. 1960—97 yillarda Oʻzbekiston Mahalliy sanoat vazirligi tarkibida boʻlib, «Oʻzbekiston amaliy sanʼat asarlari doimiy koʻrgazmasi» deb atalgan, 1997-yildan hoz. nomida hamda OʻzR Madaniyat va sport ishlari vazirligi ixtiyorida. Muzeyda ekskursiyalar, koʻrgazmalar, xazina, ilmiy metodika boʻlimlari, kutubxona (internet tarmogʻiga ulangan) bor. Muzey xazinasida 19-asrning 1-yarmidan to hoz. kungacha boʻlgan davrda oʻzbekistonlik ustalar tomonidan yaratilgan amaliy sanʼat durdonalari iigʻilgan. Ularni badiiy jihatdan 3 guruhga ajratish mumkin: qadimiy anʼanalarda yaratilgan, har bir hududning oʻziga xosligini aks ettirgan sanʼat asarlari; 20-asr 2-yarmidan xalq ustalari anʼanaviy uslubni yoʻqotmagan holda oʻz ijodi bilan rivojlantirib yaratilgan sanʼat asarlari; bugungi kun amaliy sanʼat taraqqiyotidan kelib chiqib zamonaviy sanʼat talablari darajasida yaratilgan yetuk sanʼat asarlari. Ular 20 nomdagi (kulollik, chinnisozlik, shishasozlik, kashtadoʻzlik, doʻppi, matoga gul bosish — chitgarlik, badiiy mato, milliy kiyim, gilamchilik, yogʻoch oʻymakorligi, naqqoshlik, lokli miniatyura, zargarlik, kandakorlik, pichoqchilik va boshqalar) toʻplamda saqlanadi va muzey ekspozitsiyasi ham shu nomlar boʻyicha namoyish etiladi. Muzey ilmiy muassasa sifatida amaliy sanʼat boʻyicha keng koʻlamda ilmiy tekshirish ishlari olib boradi, buyumlarni sotib oladi, ilmiy yoritadi, ekspozitsiyalarida namoyish etadi, buklet, kataloglar nashr etadi, koʻrgazmalar, ekskursiyalar, ilmiy anjumanlar uyushtiradi.

Muzey 1938-yildan 19-asr oxirida bunyod etilgan chor Rossiyasining diplomati A. A. Polovsevning sobiq saroyida joylashgan. Binoning oʻzi ham xalq meʼmorligi va bezak sanʼatining nodir namunasidir. Uni qurish va bezashda Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva va boshqalar shaharlardan kelgan ustalar qatnashgan, bino ganch va yogʻoch oʻymakorligi, naqqoshlik bilan jozibador bezatilgan. Markaziy xona (sobiq mehmonxona) shifti kundal uslubida bezatilgan boʻlib, usta O. Qosimjonov naqqoshlarga boshchilik qilgan, koshinlarini rishtonlik kulol usta Abdulla ishlagan. Xonadagi 2 kamin bezaklari shift va devor naqshlari bilan uygʻun, 2 tokcha va mehrob bezagini yaratishda toshkentlik usta T. Arslonqulov qatnashgan. Xonaning yuqoridagi eshigidan boshqa xona (sobiq istirohatxona)ga oʻtiladi, bu xona ham nafis bezatilgan. Binoning boshqa xonalarida bezak kam; 1961-yilda T. Toʻxtaxoʻjayev boshchiligida taʼmirlangan. 1970-yilda muzeyga qoʻshimcha 2 qavatli bino qurilgan. Meʼmor U. Abdullayev, M. Ilhomov loyihalari asosida va ular rahbarligida muzey binosi rekonstruksiya qilingan; 80—90-y. larda rassom Ch. Axmarov markaziy xona devorlarini amaliy sanʼat mavzuidagi miniatyura asarlari bilan bezagan.

Muzey haqida «Oʻzbektelefilm»da «Amaliy sanʼat muzeyi» (2003), «Amaliy sanʼat muzeyi ekspozitsiyalari boʻylab sayohat» (2004) filmlari ishlangan.

Ad.: Oʻzbekiston xalq amaliy sanʼati, 2 jildli, T., 2004.

Turgʻun Doʻsshayev.