OʻZBEKISTON-178

«OʻZBEKISTON-178» — oʻrtapishar pomidor navi. Oʻzbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tekshirish in-tida 107D,D2D3 DAK kolleksiya namunasidan tanlov usuli bilan chiqarilgan (Ye. V. Yermolova). Tupi ixcham, serbarg. Mevasi yumaloq, ogʻirligi 120— 160 g, issiqqa chidamli. Tarkibida 5,6% quruq modda va 3,2% qand bor. Koʻchati ekilganidan keyin birinchi hosili 120—125 kunda pishadi. Hosildorligi 650—700 s/ga. Saqlashga va tashishga chidamli. 1985-yildan Fargʻona vodiysi viloyatlarida ekish uchun davlat reyestriga kiritilgan.