Yelkasiga paxtalik nimcha tashlagan dotsent Obidovich, yonib bo’lgan o’t cho’g’ida ko’milgan kartoshkalarni uchi qorayib kuygan kosov bilan kavlab, tinmay sigareta chekadi. Cho’g’ taftidan yuzlari qizarib ketgan bu salobatli, katta odamning qarshisida iymanib, oriq qo’llarini qovushtirib, yigirma yoshlardagi mo’ylovli yigit — Raximjonov o’tiribdi. Hamisha talabalar davrasida bo’ladigan Obidovichning bugun yolg’iz, munis o’tirishi Rahimjonovni ajablantirdi. Peshonasi tirishib, ustma-ust sigareta chekayotganlarini ko’rib esa domlaning kayfiyati yomon, juda yomon, degan xulosaga keldi. U, Obidovichning oldida tortinib, ko’zlarini pirpiratib, qobig’i qorayib kuyayotgan kartoshkalarga tikilib o’tirdi. Obidovich har qancha chekmasin, bari-bir kechadan buyon kiynayotgan tuyg’ulardan qutulolmadi. Eh, hayot berahmdir, berahm, dedi ichida.. O`ziga, qolaversa, Rahimjonovga zavq bag’ishlaydigan biror qiziq gap o’yladi, topolmadi.