Hasan Basriy
Bir kuni onamiz Ummu Salama (roziyallohu anho) huzurlariga bir kishi kelib: «Xoyra o‘g‘il ko‘ribdi», dedi. Onamiz (roziyallohu anho) xursand bo‘lib, «Bolani ham, onasini ham olib kelinglar», dedilar. Xoyra Ummu Salamaning suyukli joriyalari edi.
Xoyra bolasini ko‘tarib keldi. Ummu Salama chaqaloqqa Hasan deb ism qo‘ydilar.
Hasanning tug‘ilishi Zayd ibn Sobitning (roziyallohu anhu) xonadoniga ham shodlik keltirdi. Chunki bolaning otasi Zayd ibn Sobitning (roziyallohu anhu) Yassor ismli xizmatkori edi. Hasan ibn Yassor Payg‘ambarimizning (alayhissalom) muborak uylari Ummu Salamaning (roziyallohu anhu) qaramog‘larida tarbiyalandi.
Ayniqsa, Ali ibn Abu Tolibdan (roziyallohu anhu) ta’lim oldi.
O‘n to‘rt yoshida oilasi bilan Basraga ko‘chgach, hamma uni Hasan Basriy deb chaqiradigan bo‘ldi. O‘sha paytda Basra shahri ilm markazlaridan biri edi. Hasan Basriy bu yerda Abdulloh ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) tafsir, hadis, qiroat, fiqh kabi ilmlarni o‘rganib, ulug‘ faqih bo‘lib yetishdi.
Odamlar Hasan Basriyning atrofini o‘rab olib, va’zlariga quloq solishar, hikmatga to‘la so‘zlaridan qalblar yumshab, ko‘zlar yoshlanardi.
Maslama ibn Abdulmalik aytadi: «Men Hasan Basriyga ham qo‘shni, ham suhbatdosh bo‘lganman. U zotning so‘zi amaliga muvofiq edi. Hech qachon odamlardan ta’ma qilmasdi va Alloh taologa muhabbati kuchli edi…»
Hasan Basriydan dunyo haqida so‘rashganida, bunday javob qilgan ekanlar: «Dunyo bilan oxirat mashriq va mag‘rib kabidir. Qaysi biriga yaqinlashsangiz, ikkinchisidan shuncha uzoqlashasiz. Mol-¬dunyoni topish qiyin, lekin yo‘qotish oson. Uning boshi qiyinchilik, oxiri esa bir zumda yo‘q bo‘ladigan ozgina rohat, haloli uchun hisob, haromi uchun azob tayin. Dunyo degani shunday, uning nimasini so‘raysan», deb javob beradi.
Hasan Basriy sakson yilga yaqin umr ko‘rdi. Dunyo ahli uning ilmidan bahramand bo‘ldi.
Hijratning 110 yili, Rajab oyida vafot etgan Hasan Basriyning janozasi juma kuni o‘qildi. Bu xabardan Basra shahri aholisi qayg‘uga botdi.
Haqnazar Abdurahimov | «Hidoyat» jurnalidan olindi
 
Hozir siz bilan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam zamonlaridan keyin, sahobiylar davrida iymon keltirgan kishilardan birining hayoti bilan tanishib chiqamiz. Bu kishi ulug‘ tobein Hasan Basriydir.
Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollaridan biri Ummu Salama roziyallohu anho  onamiz oldilariga bir kishi: «Xoyra ismli cho‘ringiz o‘g‘il ko‘ribdi», degan suyunch xabarini olib keldi. Ummu Salama onamiz  roziyallohu anho bu xabardan nihoyatda xursand bo‘ldilar. «Borib, bolani ham, onasini ham mening uyimga olib kelinglar, u nifos muddatini shu yerda o‘tkazadi», deb odam jo‘natdilar.
Xoyra Ummu Salama onamizga aziz va suyumli ayol edi. Ummu Salama onamiz uni juda yaxshi ko‘rar, har safar ko‘rganlarida, quvonib ketar edilar.
Oradan biroz o‘tib, Xoyra bolasini ko‘tarib keldi. Ummu Salama roziyallohu anho go‘dakka qarab xursand bo‘lib ketdilar. Chunki chaqaloqning yuzlari kishini ko‘zi quvnaydigan darajada chiroyli edi.
Ummu Salama roziyallohu anho cho‘rilari Xoyraga qarab: «Bu bolaga ism qo‘ydingizmi?» deb so‘radilar. Xoyra: «Yo‘q, ism qo‘yishni sizga qoldirdim. Xohlagan ismingizni qo‘yavering», dedi. Shunda Ummu Salama onamiz: «Allohning barakoti bilan bunga Hasan deb nom qo‘yamiz», dedilar va qo‘llarini ko‘tarib chaqaloqning haqqiga duoi xayr qildilar.
Go‘dakning tug‘ilishi yana bir xonadonga quvonch baxsh etdi. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiylar kotibi Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning xonadoni edi. Chunki Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning Yassor ismli xizmatkori o‘sha tug‘ilgan bolaning otasi edi. Hasan ibn Yassor keyinchalik odamlar orasida Hasan Basriy nomi bilan tanildi. Payg‘ambar sollallohu alyhi vasallamning muborak uylarida va ummul mo‘minin Ummu Salama roziyallohuning qaramoqlarida tarbiyalandilar.
Bu hali hammasi emas. Xoyra ko‘pincha Ummu Salama onamizning yumushlari bilan ko‘chaga chiqib ketgan paytlarda Hasan Basriy  Ummu Salamaning qo‘llarida qolib ketar va qorni ochganidan chinqirab yig‘lar edi. Buni ko‘rgan Ummu Salama roziyallohu anho bolani bag‘irlariga bosib, ko‘kragini unga tutar va: «Sabr qilgin, bolajon», deb yupatmoqchi bo‘lardilar. Hasanni qattiq yaxshi ko‘rganidan ko‘kragiga shirin sut kelib, uni emiza boshlardilar. Chaqaloq sut emishi bilan yig‘idan to‘xtardi. Shunday qilib, Ummu Salama Hasan Basriyga ikki jihatdan ona bo‘ladi. Birinchisi, Hasan Basriy mo‘min bo‘lganligi uchun. Chunki Alloh ta’olo Qur’onda: «Payg‘ambarning ayollari mo‘minlarning onalaridir»,  degan. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alyhi vasallam vafotlaridan keyin hech qaysi mo‘minga u kishining ayollariga uylanish mumkin emas. Chunki ular barcha mo‘minlarga ona bo‘ladilar. Demak, Ummu Salama onamiz Hasan Basriyga bir tarafdan mo‘min bo‘lganligi uchun ona bo‘lsa, ikkinchi jihatdan emizganligi uchun ona bo‘ldilar.
Bu bola Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hujralarida tarbiyalanish sharafiga muyassar bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alyhi vasallam ayollarining hujralari bir birlariga yaqin edi. Yosh Hasan bir hujradan boshqasiga o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha ayollari uyida o‘sib ulg‘aydi, ularning xulqlari bilan xulqlanib, voyaga yetdi. Hasan Basriy to qo‘llari hujralarning shiftiga yetgunga qadar o‘sha yerda yashadi. O‘n to‘rt yoshida Basra shahriga ko‘chib ketganligi haqida rivoyatlar bor. Demak, Hasan Basriy o‘n to‘rt yoshga kirganda, qo‘li Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam  hujralarining tomiga yetgan.
Hasan Basriy Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidlaridagi ulug‘ sahobiylardan bevosita ilm oldilar. U kishi Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abu Muso Al-Ash’ariy, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Anas ibn Molik, Jobir ibn Abdulloh kabi mashhur sahobiylardan hadis rivoyat qilgan. Ko‘proq amirul-mo‘minin Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan ta’lim oldi. Bu kishining salobati, ibodati, taqvosini ko‘rib, o‘rnak olardi.
Hasan Basriy Basraga ko‘chib borganidan keyin Hasan Basriy-Basralik Hasan deb chaqiriladigan bo‘ldi. O‘sha paytda Basra ilm markaziga aylangan shaharlar safiga kirardi. Shahardagi ulkan masjidda sahobiylar va ulug‘ tobe’inlar jamlanar edi. Go‘yo gulzordagi turfa gullardek tafsir xalqasi, qiroat xalqasi, fiqh xalqasi, hadis xalqasi kabi turli ilm xalqalari bo‘lardi. Hasan Basriy Muhammad sollallohu alayhi vasallam  ummatining xabiri − bilimdoni bo‘lgan ibn Abbos roziyallohu anhuning xalqalarida tahsil oldi. U kishidan tafsir, hadis, qiroat, fiqh, lug‘at adab va boshqa bir qancha ilmlarni ta’lim oldi. Shunday qilib, Hasan Basriy ulug‘ faqih olim darajasiga yetishdi. Odamlar Hasan Basriyning atrofini o‘rab olib, va’zlariga quloq solishar edi. Va’z qilsa, tosh qalblar yumshab, so‘qir ko‘zlar yoshga to‘lardi. Odamlar uning hikmatlarini yod olishardi. Chunki Hasan Basriy juda hikmatli inson edi. Odamlar bu kishining xulq-atvori, yurish-turishi, yetuk ilmi va kamtarinligidan ta’sirlanib, o‘zlariga namuna olishar edi. Mana shu tariqa Hasan Basriy Shom yurtlarida juda mashhur bo‘lib ketdi. Voliylar Hasan Basriy haqida bir birlari bilan o‘zaro ma’lumot almashishardi.
Xolid ibn Savfondan rivoyat qilinadi: «Men Hiyra  degan joyda Maslama ibn Abdulmalik bilan uchrashdim.
— Ey Xolid, menga Hasan Basriy haqida gapirib bering. Siz u kishi haqida ko‘proq bilsangiz kerak,- deb so‘radim.
— Ha, men Hasan Basriyni yaxshi bilaman. Men bir tarafdan Hasan Basriyga qo‘shni bo‘lsam, ikkinchi tarafdan majlislarida suhbatdosh bo‘lganman. U kishining aytgan so‘zi qilgan amallariga muvofiq keladi. Biron yaxshilikka buyursa, avval o‘zi shunga amal qilardi. Biron yomonlikdan qaytarsa, eng birinchi o‘zi shundan tiyilardi. U odamlardan ta’ma qilmaydigan va Allohning huzuridagi narsaga rag‘batli edi…»
Xolid ibn Safvon odamlar bu kishiga muhtoj, deb gapirayotganida Maslama ibn Abdulmalik:
— Bo‘ldi, bas! To‘xtang, to‘xtang! Hasan bilan bo‘lgan qavm qanday adashishi mumkin,- deb fikr bildirdi.
Hasan Basriy ham iymonlariga yarasha juda ko‘p bor imtihon qilinganlar.
O‘sha paytlarda Hajjoj ibn Yusuf Saqafiy ismli zolim hokim o‘tgan. U voliy etib tayinlangach, odamlarga zulm o‘tkaza boshladi. Hasan Basriy uning zulmlarini to‘sadigan, haqni yuziga qarab baralla gapira oladigan hamda ularning nohaq ekanligini odamlarga oshkora aytadigan ozchilik kishilardan biri bo‘ldi.
Hajjoj  Vosit degan shaharda o‘zi uchun bir qasr qurdiradi. (Vosit − Basra bilan Ko‘fa o‘rtasidagi bir shahar.) Qasr bitgach Hajjoj qasrni ko‘rib, ochilish marosimida o‘zining haqiga Allohdan barakot tilab duo qilishlari uchun odamlarni qasrga chaqiradi. Hasan Basriy fursatni g‘animat bilib, yo‘lga chiqadi − odamlarga Alloh zikrini unutmasliklari, Oxirat g‘am-tashvishidan uzilib, dunyo ziynatlariga mahliyo bo‘lib qolmasliklari hamda Alloh huzuridagi ne’matlarni eslatish uchun yo‘lga otlanadi. Odamlar qasrning nihoyatda go‘zalligi, uning hashamati, ulkanligi va bezaklarini ko‘rib  hayronu lol bo‘lib turishardi. Shu payt Hasan Basriy so‘z boshladi.
«Biz o‘tgan zolim shohlar qurdirgan barcha binolarni ko‘rdik. Bu binolar ichida eng ulkanini eng zolim podshoh Fir’avn qurdirgan ekan. Shunga qaramay, Alloh ta’olo Fir’avnni ham, u bino qilgan qasrlarni ham yo‘q qilib tashladi. Hajjoj osmon ahli uni yomon ko‘rishini, yerdagilar esa uni aldayotganini bilarmikan!
Shu payt bir kishi Hajjojning Hasan Basriyga ozor berishidan qo‘rqib, shunday dedi:
— Ey Abu Sa’id! To‘xtang! Bas, yetar!
Hasan Basriy so‘zida davom etdi:
— Alloh ta’olo ilm ahlidan hech narsani yashirmasdan, odamlarga gapirib berishlari xususida ahdu paymon olgan. Shuning uchun har bir sahih, Allohdan qo‘rqadigan taqvodor olim bor ilmini odamlarga bayon qilib berishi lozimdir. Ilmni yashirgan kimsa mal’un va bundaylar uchun jahannamda olovdan bo‘lgan yuganlar bordir. Shuning uchun ham haqiqiy olimlar Allohdan qo‘rqib, haqni bayon qilishadi. Haqni bayon qilganlari uchun yo‘q qilib yuboriladi. Bizdan Alloh ahdu paymon olgan, bizlar berkitmasligimiz kerak.
Oradan bir kun o‘tgach, g‘azablangan Hajjoj a’yonlari oldiga kirib keladi va baqira boshlaydi:
— Ey haromilar! Senlarga vayl bo‘lsin! Qandaydir basralik kishi biz haqimizda xohlagan gapini gapirsa-yu, senlar uni to‘xtata olmasanglar! Allohga qasamki, ey qo‘rqoqlar, men senlarga uning qonini ichiraman.
Keyin qilich bilan nathni olib kelishga buyuradi. (Nath — mahkumning boshini tanasidan judo qilish uchun bo‘yni tagiga solinadigan kichkina gilamcha.) Qilich bilan nath keltiriladi. Jallod qilich bilan nath oldiga kelib turadi. Hajjoj o‘zining mirshablaridan birini Hasan Basriyni olib kelishga jo‘natadi. Hasan Basriy kirib kelishi bilan hammaning ko‘zi u kishiga tikilib qoladi. Hasan Basriy qilich bilan nath oldida jallodning shay bo‘lib turganini ko‘radi-da, pichirlab nimalarnidir gapiradi. Keyin Hajjojga qaraydi. Hasan Basriyning yuzidan mo‘minning ulug‘ligi, musulmonning izzati va Allohga da’vat qiluvchining haybati ko‘rinib turardi. Hajjoj Hasan Basriyni ko‘rib:
− Siz , bu yoqqa o‘ting, o‘tiring ,− deb izzat qilishga tushadi. O‘zini yo‘qotib, dovdirab qolganidan faqat o‘zi o‘tiradigan to‘shakka olib borib o‘tqizganini bilmay qoladi. Hamma jim kuzatib turardi.
Hajjoj: «Men sizdan bir- ikki masala haqida so‘ramoqchi edim», deb din haqida so‘ray boshlaydi. Hasan Basriy har bir savolga hikmat, chiroyli mav’iza va chuqur ilm bilan javob beradi. Keyin Hajjoj:
− Ey Abu Sa’id, siz ulamolarning sayyidi bo‘lasiz, − deb maqtab yuboradi. Hizmatkorlarini qimmatbaho xushbo‘yliklardan keltirishga buyuradi va Hajjojning o‘zi Hasan Basriy soqollarini xushbo‘ylab qo‘yadi. So‘ng Hasan Basriy chiqib ketadi. Hajjojning darvozabonlaridan biri uning ketidan ergashadi:
− Ey Abu Sa’id, Hajjoj sizni boshqa narsa uchun chaqirgan edi. Lekin sizga boshqacha muomala qilib qoldi. Qilich bilan nath oldiga borganingizda nimalarnidir pichirladingiz. O‘shanda nima deding−deb so‘raydi.
− Ey ne’matim Egasi, ey mahzun paytimda xursand qiluvchi Zot! Hozir Hajjoj menga beradigan azobni rohatga aylantirgin. Huddi Ibrohim alayhissalomga olovni sovuq-salomat qilganingdek, menga ham bu azobni salomat qilib qo‘ygin, deb duo qildim.
Hasan Basriy bunday holatlarni boshidan ko‘p kechirgan. Shohlar Hasan Basriyni yomon niyat bilan chaqirishar va har safar ular oldidan salomat chiqib ketar ekanlar.
Taqvodor xalifa Umar ibn Abdulazizdan keyin xalifalik Yazid ibn Abdulmalikka o‘tadi. Yazid ibn Abdulmalik Umar ibn Xubayrani Iroqqa voliy qilib tayinlaydi. Xurosonni ham uning qo‘l ostiga topshiradi.
Yazid ibn Abdulmalik zulm yo‘lini tutadi. Umar ibn Xubayraga ketma-ket xatlar jo‘natib, buyruqlarini bajarishga buyuradi. Bu xatlarda Xalifa  ko‘pincha Hubayrani haqqa zid bo‘lgan ishlarga buyurardi.
Bir kun Umar ibn Xubayra Hasan Basriy bilan Omir ibn Shurahbil (Sha’biy deb tanilgan tobein)ni chaqiradi:
— Alloh ta’olo Amirul-mo‘minin Yazid ibn Abdulmalikni bandalariga xalifa qilib, toatini ularga vojib qildi. U esa ko‘rib turganingizdek, meni voliy etib tayinladi. Forslarni ham mening hududlarimga qo‘shib qo‘ydi. Lekin ba’zan shunday xatlar jo‘natadiki, unda bitilgan ishlarni bajarishimda xalifaning adolatiga qalbim xotirjam bo‘lmaydi. Sizlar mana shunday holatlarda unga ergashishim va uning buyruqlariga bo‘ysunishimda biron-bir nohaqlikni sezmayapsizlarmi?
Shunda Sha’biy u kishiga:
− Siz xalifaga yon bosing, unga itoat qiling,− degan so‘zlarni aytadi . Hasan Basriy Sha’biyning gapi tamom bo‘lishini kutib jim turardi. Keyin Umar ibn Xubayra Hasan Basriyga qarab:
− Ey Abu Sa’id,  siz nima deysiz?− dedi.
Hasan Basriy aytdi:
− Ey Ibn Xubayra, siz Yazidning nohaq hukmlarini ado qilishda Allohdan qo‘rqing, Alloh yo‘lida Yaziddan qo‘rqmang. Bilingki, Alloh ta’olo sizni Yaziddan saqlaydi. Yazid esa sizni Allohning azobidan qutqara olmaydi.   Ey Ibn Xubayra, yaqinda Alloh buyruqlaridan bo‘yin tovlamaydigan bir shiddatli farishta keladi-da, sizni bu kursingizdan va keng saroyingizdan tor qabrga olib borib qo‘yadi. U yerda siz Yazidni topa olmaysiz, balki Yazidning Robbisi bo‘lgan Alloh ta’oloni hamda Yazidning buyruqlarini bajaraman, deb Alloh amriga xilof ravishda qilgan amallaringizni ko‘rasiz.
Ey Ibn Xubayra, agar siz Allohning toatida Alloh bilan birga bo‘lsangiz, Alloh sizga kifoya qiladi. Agar siz Allohning ma’siyatida Yazid bilan birga bo‘lsangiz, Alloh sizni Yazidga topshirib qo‘yadi.
Ey Ibn Xubayra, bilingki, maxluq − kim bo‘lishidan qat’iy nazar − Xoliqqa osiy bo‘ladigan o‘rinlarda unga itoat qilinmaydi.
Umar ibni Xubayra bu gaplarni eshitib yig‘lab yubordi. Hatto soqollari xo‘l bo‘lib ketdi. Ibn Xubayra Hasan Basriyga qarab o‘tirdi va uni ko‘p ulug‘ladi.
Hasan Basriy bilan Omir ibn Sharahbil Ibn Xubayra huzuridan chiqib, masjidga kelishganda, odamlar ulardan so‘rashdi:
— Bu hokim sizlarni nima uchun chaqirtirgan ekan?
Shunda Omir ibn Shurahbil (Sha’biy) haqiqatni bayon qildi:
−Ey odamlar, qay biringiz har qanday holatda Allohni ustun qo‘yish qo‘lidan kelsa, shunday qilsin. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Hasan Basriy Umar ibn Xubayraga uni johil qiladigan so‘z aytmadi. Lekin men Ibn Xubayrani yuzxotir qilib gapirgandim. Bu kishi esa Alloh roziligi uchun gapirdi. Shunda Alloh ta’olo Ibn Xubayradan meni uzoqlashtirdi, Hasan Basriyni esa unga yaqin va suyukli qilib qo‘ydi.
Hasan Basriy sakson yilga yaqin umr ko‘rdi. Dunyoni ilmu hikmat va fiqh bilan to‘ldirdi.
Bir kishi kelib Hasan Basriydan dunyo haqida so‘radi.
− Siz dunyo haqida so‘rayapsizmi?! Dunyo bilan oxirat misoli mashriq va mag‘rib kabidir. Qaysi biriga yaqinlashsangiz, ikkinchisidan shunchalik uzoqlashib boraverasiz.  Siz menga dunyoni sifatlab bering, deyapsiz. Bu dunyo haqida nima deyish mumkin?! Dunyoning avvali mashaqqat. Odam uni topish uchun ishlaydi, oxiri hammasi yo‘q bo‘lib ketadi. Kishi mol-dunyo yo‘lida o‘zini yo‘q qilib yuboradi. Mol-dunyoni topish qiyin, lekin yo‘qotish oson. Dunyo ham shunday, birodar. Uning boshi mashaqqat, oxiri esa bir zumda yo‘q bo‘lib ketadigan ozgina rohatdan iborat, xolos. Dunyoning haloli uchun hisob, xaromi uchun azob tayin. Kim boyib ketsa, dunyo bilan fitnalanib qoladi. Kim kambag‘al bo‘lsa, g‘amgin bo‘lib yuradi. Ana shu dunyoning nimasini so‘raysiz?!
Hasan Basriy aytadi:
− Holimizga voy bo‘lsin! Biz o‘zi nimalar qilib qo‘ydik? Biz dinimizni ozdirib, dunyomizni semirtirib yubordik. Dunyo xulqlari bilan xulqlanib qoldik, to‘shaklarimizu kiyimlarimizni yangilab qo‘ydik. Kimdir chap tomoniga suyanadi. Keyin birovlar molidan yeydi. Taomi birovga tajovuz qilish bilan kelgan bo‘ladi. Unga biron kishi xizmat qilsa, xizmat haqini bermaydi. Shirinlikni yeb bo‘lganidan keyin, nordonini olib kelinglar, deydi, issig‘ini yeb bo‘lgach, sovug‘ini keltiringlar, deydi, namidan keyin qurug‘idan bo‘lsin, deydi. To‘yganidan uning og‘zidan badbo‘y hidlar chiqib ketadi. Keyin (xizmatkoriga): «Ey bola, endi bu yeganlarimizni hazm qiladigan biron narsa olib kelgin»,- deydi.
Ey nodon, Allohga qasamki, sening oshqozoningdagi narsa hazm bo‘lmaydi. Undan ko‘ra muhtoj qo‘shningni, och-yalang‘och yetimlarni yoki senga qarab turgan miskin-bechoralarni yedirib-ichirsang bo‘lmaydimi?! Alloh buyrug‘ini unutdingmi? Boz ustiga sen kabilar har yerda topiladi».
Hijratning 110 yili, Rajab oyida Hasan Basriy Parvardigorining nidosiga labbay, deb Rafiqul-A’loga rihlat qildi. Ertasiga, ya’ni juma kuni Hasan Basriyning vafot etgani haqidagi xabar butun Basra ahlini larzaga soldi. Odamlar o‘zlarining buyuk olimlaridan ajralishgan edi. Hasan Basriyning janozasi juma namozidan keyin Basraning eng katta masjidida o‘qildi. Kattayu kichik janozaga ergashib ketdi. Ba’zi rivoyatlarda Hasan Basriy o‘lganida Basrada yig‘lamagan odam qolmadi, deyiladi. O‘sha kuni hamma qabristonga ketganligi tufayli, asr namozi masjidda o‘qilmay qoldi. Odamlar masjid qurilgandan buyon biron marta ham bu masjidda namoz o‘qilmay qolganini eslay olmasliklarini gapirishadi. Alloh ta’olo Hasan Basriyni Islom olamiga ko‘rsatgan hizmatlari uchun Firdavs jannatida siylasin!
Siyrat.uz
Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning jufti halollaridan biri, onamiz Ummu Salama (roziyallohu anho)ga cho‘rilari Xayra o‘g‘illik bo‘lgani haqidagi xushxabar kelib, mo‘minlar onasi (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin)ning qalblarini qamrab olgan shodu xurramlik, onamizning nurli chehrasida ham namoyon bo‘lgan edi. So‘ngra, bu xushxabarni eshitgach, chillasini uylarida o‘tkazish uchun, ona-bolani olib kelishga tezda odam jo‘natdilar. Chunki Xayra Ummu Salama (roziyallohu anho)ning huzurlarida hurmat va ehtiromga sazovor, qalbdan yaxshi ko‘rishlarini qozona olganidan, yangi tug‘ilgan chaqaloqni ko‘rish zavqi-shavqi onamizda kuchli edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Xayra chaqalog‘ini ko‘tarib kirib keldi. Ummu Salama onamizning ko‘zlari bolaga tushishi bilan, qalblarini unga nisbatan mehribonlik va mamnunlik egalladi. Chaqaloq ham unga qaragan odamni o‘ziga rom qiladigan darajada yuz-ko‘zi chiroyli, to‘rt muchasi sog‘ va shiringina edi. Bolaning onasiga yuzlanib:
— “Chaqalog‘inga ism qo‘ydingmi?” deb so‘radilar.
Xayra:
— “Yo‘q onajon, o‘zingiz xohlagan ismni qo‘yasiz deb, cizning ixtiyoringizga qoldirdim”, dedi. Shunda Ummu Salama (roziyallohu anho):
— “Yaratgandan baraka tilab, ismini Hasan qo‘yamiz”, dedilar va qo‘llarini ko‘tarib go‘dakning haqqiga duoi xayr qildilar.
Yangi mehmon xushxabari Ummu Salama (roziyallohu anho)ning xonadonlariga quvonch olib keldi. Bu xursandchilikda ularga Madinadagi yana bir xonadon ahli sherik edi. Bu xonadon Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning vahiy kotiblari Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhu)ning xonadoni edi. Chunki Zayd ibn Sobitning xizmatchisi Yasor go‘dak Hasanning otasi edi-da. Yasor ham ulug‘ sahobiy huzurlarida hurmatga sazovor, u zotning muhabbatlarini qozongan edi. Shunday qilib Islom tarixida buyuk olim Hasan Basriy (rahmatullohi alayh)nomi bilan tanilgan Hasan ibn Yasor, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning xonadonlaridan birida o‘sib ulg‘ayib, U zotning jufti halollaridan biri Ummu Salama nomi bilan mashhur bo‘lgan, Hind bint Suhaylning hujralarida tarbiya topdi.
Hasan nubuvvat xushbo‘yliklari bilan muattar bo‘lgan, uning nuri bilan jilviragan shunday muhitda hayot kechirdi. Bundan tashqari Payg‘ambar sollallohu alayhi va salamning masjidi shariflarida Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abu Muso Ash’ariy, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Anas ibn Molik, Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhum) va boshqa sahobalarga shogird bo‘lib ilm o‘rgandi, ulardan rivoyatlar qildi. Bularning ichlarida mo‘minlar amiri Ali ibn Abu Tolibga qattiq muhabbat qo‘ydi. U kishining taqvosi, ibodatidagi ehsoni va dunyo zebu ziynatlariga berilmasligi Hasan Basriy (rahmatullohi alayh)ni lol qoldirgandi. Ali ibn Abu Tolibning yetuk ilmlari va hikmatlari, sermazmun so‘zlari va qalblarni larzaga soluvchi pand-nasihatlari uni o‘ziga rom etdi. Shulardan qattiq ta’sirlangach, u zotning ibodat va taqvodagi xulqlari bilan xulqlandi. Fasohat va bayondagi yo‘llarida izma-iz yurdi. Hasanning yoshi o‘n to‘rtga kirib, kattalar safiga qo‘shilgach, ota-onasi bilan Basraga ko‘chib o‘tib, shu yerda yashab qoldi. Shu sabab olimning ismiga Basra shahri nisbat berilib, odamlar orasida Hasan Basriy bo‘lib tanilgan.
Hasan kelgan vaqtda Basra shahri Islom davlatidagi ilm o‘choqlarining eng kattalaridan edi. Undagi katta masjid esa, Basraga kelgan sahobalar va tobeinlarning ulug‘lari bilan dengiz misoli to‘lqinlanib turardi. Turli ilm halqalari masjidning ichi-yu tashqarisini obod qilib, ko‘rkiga ko‘rk qo‘shar edi. Hasan ham masjidni o‘ziga lozim tutib, ummati Muhammadning olimi va obidi Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo)ning ilm halqalaridan joy olib, u kishidan tafsir, hadis, qiroat, fiqh, adab va boshqa ilmlardan tahsil oldi. Ko‘p o‘tmay o‘z davrining yetuk, zabardast olim va fuqaholarining biriga aylandi. Odamlar unga yuzlanib, uning to‘lib toshgan ilm bulog‘idan qonib-qonib simiradigan, qattiq qalblarni eritib, ko‘zlardan yoshlar oqizadigan va’z-nasihatlariga jim o‘tirib quloq tutadigan, aqllarni maftun etadigan hikmatlarini yod olib, tadabbur qiladigan, mushki anbardan xushbo‘yroq axloqini o‘zlariga o‘rnak qilib oladigan bo‘ldilar.
Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) fazilatlari atrof shaharlarga va odamlar orasida tez yoyilib ketdi. Xalifa va amirlar qiziqib u haqda so‘rab surishtiradigan, xabardor bo‘lishga intiladigan bo‘ldi.
Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) sakson yilga yaqin umrini ilm, hikmat va ma’rifat bilan o‘tkazdi. Kelajak avlodga qoldirgan bebaho meroslari — asrlar osha qalblarga ulfat bo‘lib qolgan, qalblarni titratib, ta’sirlantiradigan, ko‘zlardan shoshqator yoshlar oqizadigan, adashganlarni Allohga yo‘llaydigan, beparvo-g‘ofillarni esa dunyoning haqiqati va undagi odamlarning ahvoli bilan ogoh qiladigan va’z-nasihatlaridir.
U zot quyidagi nasihatlar sohibi edilar:
—  Allohning bandadan voz kechganining alomati, bu bandaning befoyda narsa bilan mashg‘ul bo‘lishidir.
—  Bandani orzu havasi uzaygani sari ishi yomonlashaveradi.
— Dinda sen bilan musobaqalashadigan kishi bilan musobaqalash. Dunyoingda sen bilan musobaqalashsa uni tark qil.
—  Ne’matga zikrni ko‘paytiringlar. Albatta uning zikri shukrdir.
— Axloqi maqtaladigan insonlarni do‘st tut. Albatta odamlar orasida bundaylari kam bo‘ladi.
—   Ikki narsa hech hamroh bo‘lmaydi: qanoat va hasad. Ikki narsa hech ajralmaydi: hirs va hasad.
— Ey odam bolasi, kuning seni mehmoningdir. Unda yaxshilik qil. Kuningda yaxshilik qila olsang Allohga hamd ayt. Agar kuningda yomonlik qilsang o‘zingni aybla.
—  Sabr jannat xazinasidandir. Chunki inson bir soatlik sabri bilan barcha yaxshiliklarga erishadi.
— Mo‘min kishi o‘zida imon va qo‘rquvni jamlaydi. Munofiq buzg‘unchilik va xotirjamlikni jamlaydi.
— Ko‘zim bilan biror narsaga qarasam, tilim bilan biror narsa gapirsam, qo‘lim bilan biror narsani ushlasam va oyog‘im bilan biror joyga yursam u toat yoki ma’siyat ekaniga qarayman. Agar toatda bo‘lsa, oldinga yuraman. Agar ma’siyatda bo‘lsa ortda qolaman.
Maslama ibn Abdulmalik aytadi: “Men Hasan Basriyga ham qo‘shni, ham suhbatdosh bo‘lganman. U kishining so‘zi amaliga muvofiq edi. Hech qachon odamlardn ta’ma qilmas va Alloh taologa muhabbati kuchli edi”.
Hijratning 110 yili, Rajab oyida vafot etgan Hasan Basriy (rahmatullohi alayh)ning janozasi juma kuni o‘qildi. Bu xabardan Basra shahri aholisi qayg‘uga botdi. Alloh u kishidan rozi bo‘lsin.
Ilyosxon Ahmedov| Muslim.uz