SORA ESHONTO‘RAYEVA haqida
O‘ZBЕKISTON XALQ ARTISTI
(1911-1998)
Atoqyai o‘zbek aktrisasi va jamoat arbobi Sora Eshonto‘rayeva 1911 yilda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Beshbuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. 1922—1925 yillarda Toshkentdagi Zebunniso nomli maktabda o‘qiydi. Yoshligidan teatr san’atiga qiziqqan S.Eshonto‘rayeva o‘quvchilik davridayoq Ali Ardobus rahbarligidagi to‘garakka qatnashadi. 1925—1927 yillarda Moskvadagi drama studiyasida o‘qib, R.Simonov, V.Kansel, N.Basov, I.Tolchanov, L.Sverdlin kabi san’at ustalaridan sahna san’ati sirlarini qunt bilan o‘rganib qaytgach, 1927 yildan O‘zbek davlat drama truppasi (Hamza nomidagi O‘zbek Davlat drama teatri) aktrisasi sifatida faoliyatini boshlaydi. S.Eshonto‘rayeva umrining oxirigacha shu jamoada ishlagan, 1943— 1946 va 1953—1960 yillarda teatrga direktorlik ham qilgan edi. Tursunoy (V.Yan, Cho‘lpon, «Hujum»), Beatriche (K.Goldoni, «Ikki boyga bir malay») S.Eshonto‘rayevaning teatr sahnasida yaratgan ilk obrazlari bo‘ldi. 1927 yiddan boshlab 60 yil mobaynida Hamza nomli teatrda sahnalashtirilgan asosiy spektakllarda bosh rollarni ijro etish S.Eshonto‘rayevaga nasib etdi. Jamila («Boy ila xizmatchi», 1939), Guloyim («Muqanna», 1942), Guli («Alisher Navoiy», 1945), Hurriyat («Hurriyat», 1958) kabi barcha o‘zbek tomoshabinlari uchun ibrat bo‘lgan qahramonlarni o‘ynab, madaniy jamoatchilikning nazariga tushdi va teatr san’atida o‘z o‘rnini topdi. Sahna san’ati tarixida aktrisa yaratgan bu o‘lmas obrazlarning har biri o‘z o‘rniga ega, ularning birini ikkinchisidan ustun qo‘yish mumkin emas. Lekin, adolat yuzasidan aytganda, Jamila va Guli obrazlari san’atkor ijodida alohida o‘rin tutadi. Chunki, S.Eshonto‘rayevani dastlab elga tanitgan ham ana shu obrazlar bo‘ldi. Aktrisa talqinida Jamila tabiatan sodda, qalbi pok qizdan yaxshini yomondan ajratib, o‘z baxti uchun kurasha oladigan, irodasi mustahkam mustaqil shaxs darajasiga ko‘tariladi. Guli obrazida esa u she’riy til go‘zalligidan to‘liq foydalangan holda Gulining bahor ayyomiday musaffo shoirona qalbini, nozik his tuyg‘ularini, ma’naviy yuksakligini, o‘z sevgisiga sodiqdigini katta mahorat bilan aks ettiradi. Faqat bulargina emas, jahon mumtoz dramaturgiyasining shoh asarlari bo‘lmish «Hamlet», «Otello»,»Qirol Lir» tragediyalarida Ofeliya (1935), Dezdemona (1941), Gonerilya va A.Ostrovskiyning «Momaqaldiroq» asaridagi Katerina (1939) obrazlarini ham S.Eshonto‘rayeva o‘zbek sahnasida birinchi bo‘lib ijro etish sharafiga muyassar bo‘ddi. Aktrisa talqinidagi Ofeliya — barchani o‘ziday ko‘ngli oq, pok deb biladigan iffatli, nazokatli qiz. Dezdemona xarakterida esa nafosat bilan birga o‘z maqsadi yo‘lida qat’iylik, shijoat belgilari mavjud. Katerina — oddiy, soddadil, shu bilan birga o‘z erki, ozodligi yo‘lida mardonavor kurashuvchi inson. 50—60 yillarda Hamza teatri ijodiy jamoasi Sharq mavzusiga murojaat etib, bir necha yozuvchi va dramaturglarning asarlarini muvaffaqiyatli ravishda sahnalashtirdi. Ulardagi bosh rollarni S.Eshonto‘rayeva ijro etdi. Turk yozuvchisi Nozim Hikmatning «Turkiya haqida hikoya» pesasidagi Xatcha (1953), arab yozuvchisi Muhammad Dib romani asosida tayyorlangan «Jazoir — mening vatanim» spektaklida Ayni (1957), yapon dramaturgi Morimoto Kaoruning «O‘g‘irlangan umr» asaridagi Sedzu (1965), SAzimovning «Zamon dramasi»dagi arab ayoli Oysha rollari ham aktrisa ijrosida tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. S.Eshonto‘rayeva «O‘zbekfilm» kinostudiyasida suratga olingan «Boy ila xizmatchi», «Opa-singil Rahmonovalar», «Sayyod qo‘ng‘irog‘i» kabi badiiy filmlarda yetakchi rollarni ijro etdi. Hamza nomli teatr spektakli asosida suratga olingan «Shoh Edip» film-spektaklida Iokasta obrazini yaratdi. Oybekning «Qutlug‘ qon», Ch.Aytmatovning «Birinchi o‘qituvchi» telespektakllarida Gulsum va Oltinoy rollarini o‘ynab, ko‘pgina radiopostanovkalarda qatnashdi. U yillar davomda to‘shtagan bilim, malaka va tajribasini yosh aktyorlarga muttasil ravishda ixlos bilan o‘rgatardi. Ularni ijod jarayonida doimo kuzatib, kamchiliklarini tuzatib, yutuqlaridan quvonar edi. S.Eshonto‘rayeva XX asrning mashhur san’at ustasi, umr yo‘ldoshi Abror Hidoyatov bilan birga ijod etib, o‘lmas obrazlar yaratdi, havas qilsa arziydigan farzandlarni o‘stirdi. Chehrasidan mayin tabassum balqib turadigan, xushmuomala, yuksak madaniyat sohibasi bo‘lgan bu ulkan san’atkor jamoat ishlarida ham faol edi. S.Eshonto‘rayevaning ko‘p yillik samarali ijodi «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni, 1949,1967, 1977 yillarda Davlat mukofotlari bilan munosib taqdirlangan edi. Sora Eshonto‘rayeva 1998 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.