Anvar Obidjon. Hayotning har lahzasi goʻzal…
Kipriging nega nam…
Qaysidir betayin devona
Aljirab zahrini sochdimi,
Kuymanib biron shoʻr peshona
Senga dil hasratin ochdimi,
Kipriging nega nam,
Jonginam?
Qoldingmi doʻstlarsiz dildirab,
Oʻchdimi isingan gulxaning,
Chaqindek yoki bir yiltirab,
Aldatib ketdimi sevganing,
Kipriging nega nam,
Jonginam?
Koʻrib yo toʻzgʻigan gullarni,
Hislaring keldimi junbushga,
Varaqlab yo «Oʻtkan kunlar»ni,
Azador boʻldingmi Kumushga,
Kipriging nega nam,
Jonginam?
Yo hazin boqdimi suratdan
Bosqinchi yenggan yurt askari,
Xayolan boʻldingmi bevatan,
Toʻldirib tutqunlar saflarin,
Kipriging nega nam,
Jonginam?
Emasmiz shunchaki tirik jon,
Eng oliy ong mavjud odamda
Va bizda bor ekan to vijdon,
Yigʻlash-chun sabab koʻp olamda…
Kipriging neganam,
Jonginam?
1979
Millatdoshlik
Men kimman-u, sen kimsan,
Juda qotdi bu boshim.
Nechun menga gʻanimlik
Qilmoqdasan, yurtdoshim?
Sen qotirma boshingni,
Jam boʻlsin oʻy-xotiring.
Oʻlsam mayli tigʻingdan,
Boʻlolmasman qotiling.
1978
“Sevgan qizim shunaqa…”
Chiqib xilvat joylarga,
Ertak aytar soylarga…
Sevgan qizim shunaqa.
Adirlarda boʻzlaydi,
Chiroyli tosh izlaydi…
Sevgan qizim shunaqa.
Qorlar kechib qishlarda,
Bugʻdoy sochar qushlarga…
Sevgan qizim shunaqa.
Gullar soʻlsa yigʻlaydi,
Kitob quchib uxlaydi…
Sevgan qizim shunaqa.
1991
Fargʻonada bittagina
Sen kabi qomati raso Fargʻonada bittagina,
Men kabi qaddingga ado Fargʻonada bittagina.
Sen kabi diydori tabib, nozi shifo qayda yana,
Men kabi dardi bedavo Fargʻonada bittagina.
Sen kabi mastona qoʻshiq vohadayu vodiyda yoʻq,
Men kabi qaygʻuli navo Fargʻonada bittagina.
Sen kabi jon ofatini yuz yil bino etsa egam,
Men kabi yuz joni fido Fargʻonada bittagina.
Sen kabi sultoni husn Turon aro bir donadir,
Men kabi husningga gado Fargʻonada bittagina.
1988
Hayotning har lahzasi goʻzal
Tun pardasi ochilar asta,
Chiqib kelar sahnaga quyosh.
Kelinchakdek boʻlib orasta,
Gul salomdan koʻtaradi bosh.
Hovli goʻyo yuvilgan chinni,
Yoʻllar goʻyo artilgan oynak.
Qutlash uchun yangi bu kunni,
El oyoqqa turar jonsarak…
Hayotning har lahzasi goʻzal,
Umrning har dami gʻanimat.
Qaymoq isi yayratar tanni,
Dasturxonda issiq kulchalar.
Suv bosgandek qaqroq oʻzanni
Odamlarga toʻlar koʻchalar.
Asli hatto goʻdak emizmoq
Barobardir ogʻir yumushga.
Oshiqarlar, yuraklar qaynoq,
Birov ishga, birov oʻqishga…
Hayotning har lahzasi goʻzal,
Umrning har dami gʻanimat.
Duch keladi yuzlab chehralar,
Koʻpin qaytib koʻrmoqlik mahol.
Ular dilga yaqin naqadar,
Shuning oʻzi tuganmas iqbol.
Barchinoylar nigohida sir,
Alpomishlar koʻzida yashin.
Yoshlik qaytar qalbga sochib nur,
Eslaysan ilk sevgi otashin…
Hayotning har lahzasi goʻzal,
Umrning har dami gʻanimat.
Bir mahallar berishgan salom,
Endi esa olishar alik.
Tillarida duo, xush kalom,
Saodatdir hatto keksalik.
Kulib turgan munchoqkoʻz bola
«Tinchlik» soʻzin solar yodingga.
Sochlaringdan erib oq tola
Intilasan yana oldinga…
Hayotning har lahzasi goʻzal,
Umrning har dami gʻanimat.
Bu yurtda alp chinorlar oʻsar,
Koʻk gumbazlar oʻngu soʻlingda.
Bir azaga kirib oʻtsang gar,
Soʻng oʻnta toʻy uchrar yoʻlingda.
Goh birovlar tanishar ilk bor,
Goh yigʻilar eski ulfatlar.
Odamzotga dunyo boʻlmas tor
To mavjuddir shirin suhbatlar…
Hayotning har lahzasi goʻzal,
Umrning har dami gʻanimat.
Bosh koʻtarmas kimdir ishidan,
Kimdir oʻylar ulugʻ bir reja.
Yana sirli orom qushiday
Qoʻna boshlar yurtimga kecha.
Bugunidan el koʻngli toʻlib,
Ertangi kun uchun toʻplar dosh.
Anvar shoir charchogʻi boʻlib
Togʻ ortiga yonboshlar quyosh…
Hayotning har lahzasi goʻzal,
Umrning har dami gʻanimat…
2002