Kamalakka aylanar yo’lim
Goho g’amnok gohida sho’xman,
qaytishimni o’ylash kulgili,
Men miltiqdan otilgan o’qman
Manzilim qay kimning yuragi,
Xudo bilar qildingmi tusmol,
Qo’rqma mening sinmas kuragim
Qo’rqma mening o’ylarim halol.
Garchi qadah tuta boshladim,
Garchi qizlar tilin bilaman.
Meni mayxo’r deyolmas hechkim
Oshiqlari berib qo’ygan tan.
Ketmon emas qalamim ila
Kiprigimga ilaman erni,
Kechir meni otajon illo..
Portlab-portlab yashagim keldi.
Ketganim yo’q qishloqdan to’yib,
Ildizimni yaxshi bilaman.
Men zaminni kaftimga qo’yib
Bitta ulkan qishloq qilaman..
Faqat meni o’ylab g’am ema
Guldirakman ko’ngling bo’lsin to’q
Ota bo’lsang bilasan dema ,
Ota bo’lib ko’rganimcha yo’q
Men sizni o’ylayman shomu saharda,
Ona, sog’insam ham bora olmayman,
Tunlari charog’on shunday shaharda,
Hech kimga ko’nglimni yora olmayman.
Men siz aytgandayin hammani sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
O’z do’stim uyiga ko’mildi sevgim,
Kun bo’lib ko’ksimni kuydirdi nafrat.
Boshimdan o’tgani ko’kka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men — zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman…
Mana, ketayapman tosh yo’lda ko’zim,
Qadamim moshinlar yo’rg’asiga mos.
Yig’lasam yupatib o’zimni o’zim,
Pishqirib qo’yaman toychoqlarga xos.
Va sizni o’ylayman shomu saharda,
Ona, sog’insam ham bora olmasdan.
Tunlari charog’on shunday shaharda
Hech kimga ko’nglimni yora olmasman…
Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib.
Baxtimga hamisha omon bo’ling deb,
Sog’inib qoluvchi qizingiz Kumush…
Menga juda o’xshaydi, ona,
Ko’zlaringda yaltiragan yosh.
Menda o’sha ko’zu, o’sha qosh,
Menga juda o’xshaydi, ona.
Ona, uni to’kma, iltimos?
Ko’zlaringdan to’kilay agar.
Sevinchingdan bermasam xabar,
Ona, uni to’kma iltimos.
Garchi bisotingda «bayram» so’zi yo’q,
Bilaman, kutasan sandal to’la cho’g’,
Menda yurak deganlarin o’zi yo’q:
Men sovg’a bermagan qiz yo’q bu oqshom,
Senga na gul berdim, na shirin kalom,
Endi men ham senga o’g’ilmi, onam?..
Deysan: olislarda omon yursang bas,
Yodingga tushsam goh yo’qlab tursang bas,
Bolam, senga hamma qiladi xavas…
Axir, mening dardim She’r emas faqat,
Men mashhur shoirmas — mashhur beshafqat,
Endi men ham senga o’g’ilmanmi, ayt?..
Sha’ningga she’r bitdim. U seni topsin,
Poyingga tiz cho’kib, qo’lingni o’psin.
Undan ham ulug’im borligin ko’rsin,
Men uchun ham aziz holingni so’rsin,
Sensiz g’arib ko’nglim ko’ngilmi, onam,
Endi men ham senga o’g’ilmi, onam!..
Muhammad Yusuf
Garchi biz yosh, g’o’r edik,
Siz bor — biz ham zo’r edik,
Bir mayizni besh o’g’il
Teng bo’lishib yer edik,
Goh talashsak, haq so’zni
Onam aytsin der edik,
Tushmi endi u zamon,
Hayronaman, onajon.
Tirik yursa volidang
Toqqa kuching yetarkan,
Onang o’lsa, boshingdan
Oftob o’tib ketarkan,
Jindekkina alam ham
Tog’dek botib ketarkan,
Ko’ksim to’la ming armon,
To’lg’onaman, onajon.
Onasiz uy — oysiz tun
Ekan endi o’ylasam,
Qalbni o’rtar dardlarim,
Qay birini so’ylasam?
Sizsiz ko’cham befayz,
Halovat yo’q uyda ham,
Farishtasi tark etgan
Ostonaman, onajon
O’zing uchun o’l yetim!
O’rda ham men, qirda ham.
Ko’ylagimda tugma yo’q,
Tugma bo’lsa, kir -yoqam.
To’rt yangamga qo’shilib
Turtkilaydi to’rt og’am,
O’z uyimda jonajon,
Begonaman, onajon.
Ko’ngil o’zin tutingan
Bir mehribon qo’msaydi,
Dunyoda bir odamga
Siring aytib bo’lsaydi,
Onasizni do’sti ham,
Dushmani ham aldaydi,
Ayting axir, men kimga
Ishonaman, onajon?.
Yo’qligingiz qadamda
Turar shunday bilinib,
Non yopmaysiz tonglari
Menga kulcha ilinib,
Sarg’ayarman sarg’aygan
Rasmingizga termulib,
Ziyo istab zor qaqshar
Parvonaman, onajon.
Uy to’rida tolbeshik —
Akam yotgan, men yotgan,
Sherdek-sherdek kelbatli
Besh o’g’ilga asqotgan,
Qaytib kirib bo’lsaydi
Bo’lardim jon deb qaytgan!
Men bu joyni hammadan
Qizg’onaman, onajon.
Yashayapman sharpadek
Sezilmay goh, sezilib.
Gohi ko’kka intilib,
Gohi yerga egilib,
Sog’inganda she’r yozib
Yuraklarim ezilib —
El ichra bir shoiri
Devonaman, onajon
Muhammad Yusuf
Dunyolari bevafo xilqat ekan,
Baxt degani bir oily fursat ekan.
Taqdir azal oldida ojiz otang,
Ayro yashash bizga bir qismat ekan.
O’ksimagin jon o’g’lim,polvon o’g’lim
Seni tashlab ketganim,yolg’on o’g’lim
Sensiz mening bag’rim ham butun emas
Sensiz mening ko’nglim ham vayron o’g’lim.
Ko’zim oqu-qorasi sensan bilsang
Yuragimnimng nolasi sensan bilsang
Buni hayot deydilar qil ko’prik bu,
Tushunarsan bir kuni yigit bo’lsang.
Mayli men ne bo’lsam ham omon bo’l sen!
Onang orzu qilgandek o’g’lon bo’l sen!
Otangni qayg’urmay yashasang ham,
Yurti uchun qayg’urgan inson bo’l sen!
O’ksimagin jon o’g’lim,arslon o’g’lim,
Seni tashlab ketganim yolg’on o’g’lim.
Topmoq joyda yo’qotmoq ham bor ekan.
O’z holimga o’zim ham hayron o’g’lim.
Onang ketsa savlatlaring ketgaydir,
Otang ketsa davlatlaring ketgaydir.
Shu ikkala qo‘rg‘oningdan ayrilsang,
Manglaydagi zar xatlaring ketgaydir.
Otasi yo‘q cho‘lda qolgan giyohday,
Onasi yo‘q rangi ro‘yi siyohday.
Kimning agar qo‘rg‘onlari yiqilsa,
To‘rt tomondan to‘rt ming ozor yetgaydir.
Nari borsa to‘rt yil kutar dildoring,
O‘n yil kutar sadoqatli do‘st-yoring.
Lekin otang sabr toshga aylanar,
Onang qirq yil ko‘z yummayin kutgaydir.
Otang o‘lsa, o‘ldi dema hayot u,
Ko‘ksingdagi so‘nmaydigan bayot u.
Nogoh agar yo‘llaringda qoqilsang,
Onang ruhi qo‘llaringdan tutgaydir.
Boshingga ish tushganida sinab ko‘r,
G‘amingga g‘am qo‘shganida sinab ko‘r.
Kimlaringdir sen deb ko‘z yosh yutar lek,
Otang qilich, onang qonlar yutgaydir.
Shon-shuhrating ketsa ketar do‘stlaring,
Mol-davlating ketsa ketar do‘stlaring.
Otang-onang qolar senla, qolgani
Shunchaki… ko‘changdan bir-bir o‘tgaydir.
Guljamol Asqarova
Sharqona tashbehni olsam gar yodga,
Bir nomi buzurgu bir nomi faqir.
Zaminni kaftida tutib,avlodga
Bus-butun yetkazgan otalar,axir.
Yuksak-yuksaklarga uchgan sor lochin
Nazar uzmagandek polaponidan.
Bardavom naslini asramoq uchun
Axir ota qavmi kechgan jonidan.
Non,degan farzandning dardli xitobi
Goh uni tiriklay chohlarga tiqqan.
Bardoshli umrning zaqqum zardobi
Sochlari qirovdek ko’pirib chiqqan.
Taxti Sulaymonddan balanddir beshak
Ota deb atalgan martabayu baxt.
Farzand bunyod bo’ldi,o’lim yo’q demak
Otaning ilgida zamon bilan vaqt.
Men ko’kka termulib kutmasman madad
Do’st izlab har yonda kezmasman sarson.
Do’stu madadkor ham otadir abad,
Shoni-shoning erur,armoni-armon.
Abdulla Oripov
Hojar onamizning nidosi sabab
Ka’bada ko’z ochgan Obi Zam-zam ham.
Bir umr talpinmish onaga qarab,
Ne-ne payg’ambarlar ko’zlarida nam.
Qavmimni ranjitib qo’ymayin,ammo
Tobut yasab kelgan er zoti doim.
Onalar bag’riga faqat beshik jo,
Hayotbaxsh allalar aytgan,muloyim.
Sho’rlik odamzodning tolei uchun
Eng avval onalar qilsin ibodat.
Zora,gunohlardan pok bo’lgay ochun,
Onalar o’tinchi topib ijobat.
Ka’ba qopqasida turgan,ey posbon,
Avval onalarning ochgin yo’llarin.
Onalar poyiga tiz cho’k o’shal on,
Tavof qil,ko’zga surt,o’pgin qo’llarin.
Rasul javob qildi:-Tingla birodar,
Gapimni bir bora quloqqa ilgil.
Imkon topa olsang dunyoda agar,
Eng avval onangga yaxshilik qilgil.
Shu hikmat sharhini o’yladim uzoq-
Rostdan ona erur qiblai olam.
Garchi barchamiz ham padarmiz,biroq
Onadan tug’ilgan payg’ambarlar ham.
Abdulla Oripov
Shoir qizim deysiz, sho’h qizim deysiz,
Onajon erkalang olam quchaman.
Issiq yuzim deysiz, yulduzim deysiz,
Yuksak parvoz tilang baland uchaman.
Orzularim ro’yob duo qilsangiz,
Doimo yo’limda bo’lgaydir madad.
Qalbimda bir istak agar bilsangiz,
Allohim asrasin sizni toabad.
Onajonim mening, oftobim mening,
Aytay boringizga ming bora shukur.
Mehribonim, mohim, tobonim mening,
Bosh egib aylayin sizga tashakkur.
Nafosat Sodiqova
Yusingiz sahnida yashirin yillar,
Mehringiz bosadi oftob taftini.
O’sha siz o’tqazgan daraxtlar bilar,
Mehnatkash qo’lingiz qadoqlarini.
Nafosat Sodiqova
Erta-indin yelar izg’irin,
Yiqiladi bog’larga tuman.
Anglagani yashashning sirin,
So’zlashaman yomg’irlar bilan.
Mastu alast, beg’am do’sti yor,
Toliqtirar qalbimni manim.
Shunda birdan bo’ladi oshkor,
Yolg’izlardan yolg’iz ekanim.
Derazaga ho’l bag’rin bosib,
Kuzak tuni surganda xayol —
Men eng go’zal she’rimni yozib,
Sizni eslab yig’lashim ayon.
Usmon Azim
Bir mehring olamni to’ldirib turar,
Bag’ringdan hayotga talpinib keldim.
Bir dunyo bolalik sho’xliklarimni,
Onajon, qoshingga etaklab keldim»¦
Kitobni ushlatib, maktabga eltding,
Maktabdan har kuni uy tomon yeldim.
Gohida bir maqtov, gohida tanbeh,
Onajon, qarshingga yetaklab keldim»¦
Faxr-la, g’urur-la oq yo’l tilading,
Ilm deb eng katta shaharga keldim.
Har safar «œDunyoda sendan ulug’ zot,
Onajon, also yo’q!», demak-la keldim…
Fashist-la kurashib, qo’ldan ayrildim,
Afg’onda oyoqning qadrini bildim.
Bir nidong doimo chorladi meni —
Onajon, huzringga emaklab keldim»¦
Bek, 20.12.2005
Bu erlarda yuribman, nimalar izlab?!
Issiq qo’llaringiz qumsar dimog’im
Talpinadi yurak nimalar istab?!
Bir shirin so’zingiz istar qulog’im..
Sinamoqchi bo’lib sabr, bardoshimni.
Goh sevinch, goh g’amdan to’ksa yoshimni,
Sizni axtaraman, onajon.
Nuroniy keksalar davrasin ko’rsam,
Yurakda bir armon dardini tuysam,
Bafurja kimgadir gapirmoq bo’lsam,
Sizni axtaraman, onajon…
Behuda kechirdim kunni,
Oh netayin umrim seni,
Sening-la bo‘lmadim g‘ani,
Oh, netayin umrim seni.
Keldimu kechdim bilmadim,
Yig‘lab bag‘rimni tilmadim,
Ketar jafosin qilmadim,
Oh, netayin umrim seni.
Xayrim, sharrim yoziladur,
Umrim ipi uziladur,
Surat mendan buziladur,
Oh, netayin umrim seni.
Ketnb, ketib turolmasang,
Kelib meni ko‘rolmasang,
Davru davron surolmasang,
Oh, netayin umrim seni.
Ishonganim qani o‘zing,
Tolpinganim shodon so‘zing,
Qozonganim qolur to‘zib,
Oh, netayin umrim seni.
Miskin Yunus ketdi sarson,
Ajab safar etdi sarson,
Qoldi hasrat, ketdi sarson,
Oh, netayin umrim seni.
Yunus Emroning she’rlari judayam mazmunli va ta’sirli ekan. Sizlarga ham tavsiya qilardim…
Topmoq — yo‘qotmoqdir,
Yo‘qotmoq — topmoq,
Sen so‘lib,
Men yashab,
To‘lishimga boq.
Sensiz topganimdan
Ko‘proq yo‘qotdim —
Sen meni yupatding,
Seni yig‘latdim,
Sen meni yaratding,
Seni tugatdim.
Uyalmay ONA deb,
Kelishimga boq!..
Sog‘inch haqda she’rlar
Yozdim o‘zimcha,
Mendan peshonangda
Dog‘lar tizimcha.
O‘g‘il bo‘lmay o‘lay,
Attangb ming attang.
Qiz tug‘sang netardi,
Ko‘proq qiz tug‘sang!..
Tirgak bo‘lolmadim
Bitta qizingga
Uyalmay shoirman
Deyishimga boq.
Joningdan aylanay,
Turgil jonajon,
Yo‘l qarab bo‘ldimi
Jigarginang qon?
Boqma, ko‘zlarimga
Bemajol, xasta,
Mening topganlarim
Gulmi bir dasta,
Yo‘qotganim senmi
Endi ONAJON?..
O‘z etimni o‘zim
Yeyishimga boq.
Bilsang yuragimni
Bir alam elar.
Buyursang qo‘limdan
Kelmaydi nelar,
Ayt,
Pichan yig‘aymi,
O‘tin yoraymi,
Yerni haydayinmi,
Ko‘k ag‘daraymi?..
Itdek oyog‘ingga
Suykalgim kelar —
Uchib-uchib, mana
Qo‘nishimga boq.
Hech narsa kerakmas,
Bolam, hech deysan.
Endi kech deysan-da,
Endi kech deysan.
Yuzimni bosaman
Muzday yuzingga,
ONAJON,
Zor qilib ketma izingga!
O‘lim oldida ham
G‘amimni yeysan,
Men-chi, jim, taqdirga
Ko‘nishimga boq.
She’rim bitdi,
Xayir,
Do‘stlar xush qoling.
Bedil yashamakka
O‘rganmang menday
Boring,
Volidangiz
Ko‘nglini oling,
Ertaga
Kech qolib
O‘rtanmang menday.
Sog‘inaman va bu sog‘inchdan
Ruhim ma’yus tortib ketadi.
Hijron esa yigit boshimga.
G‘am yukini ortib ketadi.
Kimdir ko‘nglim ko‘tarmoq bo‘lib,
Dardim bilmay aytadi davo,
Jilmayadi kiftimga qoqib,
O‘kinma, der bu bir kam dunyo.
Ko‘zlarimga ishora etib —
Essiz yigit, deydilar pinhon.
Bilmaydilar: ko‘zlar dard emas,
Sendan ayru o‘rtaguchi jon.
Kayga boqmay seni ko‘raman,
Qayga bormay xayoling yo‘ldosh.
Faqat o‘rning bosolmas, hatto —
Qalbim ichra yoqsalar quyosh.
Abdukarim Jumaboyev
«Bir pasgina yonimda o‘tir,
Bir kungina yotib ket, qizim»
Atrofimda aylanib gir-gir,
Takrorlardi onam shul so‘zin.
-Bu gal, -derdim yuragim toshib,
-Endi kelsam qolaman, ena…
Shafqati yo‘q bu kunlar shoshib,
Meni olib ketardi yana.
Topganini tuguncha qilib,
Qo‘llarimga tutqazar edi.
Meni zo‘rg‘a bag‘ridan yulib,
Mashinaga o‘tqazar edi.
Bazmlarga topar edim vaqt,
She’r o‘qirdim yona va yona.
Davralarni bilar edim baxt,
Sizga vaqtim yo‘q edi, ena.
Siz tog‘imni cho‘ktirib qo‘yib,
Ketar edim toqqa, lolaga.
Sizga azob chektirib qo‘yib,
Yayrar edim yashil dalada.
Majnuntolday egdirib Sizni,
Ketar edim terak bo‘lay deb.
Sizdan ayab bir tunlik so‘zni,
She’r yozardim yurak bo‘lay deb.
Chaqqon edim, roziydi mendan,
Ham uy, ham ish, ham majlisxona.
Shunchalar band edim-ki, chindan,
Sizga vaqtim yo‘q edi ena.
Kechiksam, ish kechirmas edi,
Koyinardi kechiksam, uyim.
Davralarning chiqardi dudi,
Faqat enam kutar edi jim.
Sha’n davralar ketdilar tarqab,
Bayramlari mensiz ham obod.
Goh dardlarim yig‘ilar qop-qop,
Yolg‘izlikdan solgim kelar dod.
Shunday g‘amlar bo‘lar ekanki,
Tushunmas ekan onangdan boshqa.
Tinglamaydi seni birovlar,
Boshlaringni ursang ham toshga.
Qabringizga chopaman bot-bot,
So‘zlashay deb qona va qona.
So‘ramaysiz holimni xayhot,
Endi Sizda vaqt yo‘qdir, ena…
Xosiyat Bobomurodova