Nevrolog shifokor, tibbiyot fanlari doktori Marhamat YoQUBOVА bilan suhbat.
– Bolalardagi giperfaollik sindromining kelib chiqishini shifokor olimlar turli taxminlar bilan izohlashgan. Ularning ayrimlari buni bosh miyadagi patologik holat deyishsa, baʼzi olimlar esa boladagi diqqatni jamlash yetishmovchiligi aslida giperfaollik ekanini taʼkidlashadi. Siz bu sindromning paydo boʼlishi xususida oʼz mulohazalaringizni bildirsangiz.
– Giperfaollik sindromi bolalikda boshlanadigan rivojlanishning nevrologik buzilishi boʼlib, diqqatni bir joyga jamlashning qiyinligi, giperfaollik (oʼta faollik) va boshqarish qiyin boʼlgan taʼsirchanlik kabi belgilar bilan namoyon boʼladi. Kuzatishlar natijasiga koʼra bu sindrom oʼgʼil bolalarda qizlarga nisbatan koʼproq uchraydi.
Sindromning paydo boʼlish sabablari aniq maʼlum emas. Lekin quyidagilar bolada giperfaollik rivojlanishiga sabab boʼlishi mumkinligi taʼkidlanadi:
ekologik sharoitning umumiy yomonlashuvi;
onaning homiladorlik davrida infektsion kasalliklar bilan ogʼrishi, kuchli dorilar taʼsiri, boʼlajak onaning tamaki chekishi yoki qattiq qaygʼu-iztirobda yurishi;
onadagi surunkali kasalliklar;
muddatidan erta tugʼruq, narkozdan zaharlanish, kesar kesish;
tugʼruq asoratlari;
chaqaloqning yuqori tana harorati bilan kechadigan kasallikka chalinishi va unga kuchli taʼsir qiluvchi dorilar berilishi.
Shuningdek, boladagi astma, pnevmoniya, yurak yetishmovchiligi, buyrak kasalliklari ham bosh miya meʼyoriy ishiga salbiy taʼsir qiluvchi va oqibatda giperfaollik sindromiga turtki beruvchi omillardan hisoblanadi.
Bundan tashqari, ushbu sindromga sabab boʼluvchi ayrim psixologik va ijtimoiy-psixologik omillar ham mavjud.
– Аynan ana shunday omillar haqida ham bilishni istardik.
– Masalan, quyidagi holatlarda:
oiladagi kattalar oʼrtasida oʼzaro nizo-janjallar uzluksiz davom etganda;
xonadonda moddiy ahvolning yomonligi;
bolaning tengqurlari bilan chiqisholmasligi;
maktab dasturlarini yetarlicha oʼzlashtirolmasligi;
koʼp hollarda ruhiy tushkunlikka tushishi.
Bu singari psixologik-ijtimoiy omillar tufayli giperfaollik sindromi kelib chiqishi mumkin.
– Koʼpincha maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga giperfaollik sindromi tashxisi qoʼyilarkan. Bu sindrom alomatlari qanday farqlanadi?
– Oʼta taʼsirchanlik asosiy belgilardan biridir. Bu hol bolaning qiziqqonligi, serharakatligi bilan ifodalanadi.
Taʼsirchan bolalar vaziyatlarga shoshma-shosharlik bilan javob qaytaradi, buyruq yoki gapni oxirigacha eshitib oʼtirmaydi, natijada ular pala-partish ish qiladi, feʼl-atvorida yengiltaklik koʼzga tashlanadi, koʼproq begʼam boʼlishadi.
Giperfaol bolalar oʼzlari qilayotgan ish yoki qandaydir vaziyat salbiy, zararli va hatto xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ilgʼamaydilar. Tengdoshlari orasida “oʼzlarini koʼrsatib qoʼyish” uchun keraksiz xavf-xatarga duchor boʼlishdan, turli harhashalardan tap tortmaydilar. Shu sababli, giperfaol bolalar baʼzan baxtsiz hodisalarga ham uchrab turishadi.
– Nima sababdan bu sindrom “diqqatni jamlash yetishmovchiligi” deb ifodalanadi?
– Chunki ushbu sindromga chalingan bolalarda parishonxotirlik holati kuzatiladi. Ular diqqatini bir joyga jamlashga qiynalishadi. Oqibatda oʼqish jarayoni bilan bogʼliq vazifalar, bajarayotgan ishlarida xatolarga yoʼl qoʼyaveradi.
Biror-bir vazifani bajarayotganda yoki oʼyin oʼynayotganda bola diqqatini jamlolmay chalgʼib ketaveradi. Bunday bolaga gapirayotgan odamga bola uning gapini tinglamayotgandek tuyuladi. Koʼpincha dars va uy vazifalarini oxirigacha bekamu-koʼst bajara olmaydi. Аslida bu narsa uning xulqi bilan bogʼliq boʼlmasligi mumkin. Bunday bolalar uzoq vaqt aqliy zoʼriqishni talab qiladigan ishlardan qochadi.
Maktab va uyda kerak boʼladigan buyumlar, masalan, oʼyinchoqlar, oʼquv qurollari, kitoblarni yoʼqotaverish, koʼp narsalarni esidan chiqarib qoʼyish giperfaollik sindromiga chalingan bolaga xos. Bunday bola uyqu paytida ham tinchimasdan u yondan bu yoniga agʼdarilaveradi, toʼshak va koʼrpani oʼrindan tushirib yuboradi.
– Sindrom kompleks tarzda davolanadi. Bunda har bir bolaning holatiga individual yondoshiladi.
Bolaning feʼl-atvorini ijobiy tomonga oʼzgartirish maqsadida psixoterapiya, pedagogik va neyropsixologik usullar qoʼllaniladi.
Davolash maqsadida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
ota-onalar va pedagoglar bolalarga uyda yoki maktabda murakkab talablar qoʼymasliklari kerak;
kundalik aqliy va jismoniy vazifalarni qisqa hamda yaqqol tushuntirish zarur;
bolalarning har kungi hatti-harakatlarida tartib-intizomni shakllantirish lozim;
bola bilan xotirjam va yumshoq ohangda soʼzlashish maslahat beriladi;
har kungi suhbatlarda bolaga “yoʼq, aslo mumkin emas” degan soʼzlarni qoʼllamagan maʼqul.
Giperfaollik sindromini davolash ota-onalar va nevropatolog shifokor hamkorligida olib boriladi.
Аyrim vaqtlarda zarur dori-darmonlar ham buyuriladi.
Аlohida taʼkidlash joizki, giperfaollik sindromining oʼz vaqtida oldi olinmasa keyinchalik bola hayotida jiddiy muammolar kelib chiqishi va bu holat jamiyat uchun ham tashvish tugʼdirishi mumkin.