To‘g‘ri ovqatlanish
Inson ovqatlanishdan kuch olsada, o‘sha kuchning taxminan uchdan bir qismini ularni hazm qilishga sarflaydi. Uyqu paytida oshqozon va ichaklarning ovqatni hazm qilish bilan band bo‘lishi, huddi jang vaqtida qo‘mondoning uxlab yotganidek gap. Bu jarayonda na ovqat to‘g‘ri hazm bo‘ladi, na inson tanasi yaxshi dam oladi. Shu sabab uyquga ketishdan oldin oshqozon qancha bo‘sh bo‘lsa, unga engil taomlar kirsa, inson tanasi uyqudan tez to‘yadi. Yotishdan avval ochlikni his qilsangiz, kefir, sharbat, tvorog, smetana va boshqa engil hazm bo‘ladigan meva-sabzavotlardan iste’mol qilib, so‘ngra kamida 40 daqiqadan keyin uyquga ketish tavsiya qilinadi. Ichaklarning toza holatda bo‘lishi ham sog‘lom uyquni ta’minlaydi. Shunday uxlash kerakki, tanangizdagi har bir a’zo, siz bilan baravar uxlab, dam olib uyg‘onsin.
To‘g‘ri holatda yotish
A-to‘g‘ri yotish. V-noto‘g‘ri yotish.
Uyqu o‘rnining yumshoqligi bir qavat ko‘rpacha darajasida bo‘lishi kerak. Yostiq esa ko‘p ham baland va yumshoq bo‘lmasligi lozim. Shunday yotish kerakki, insonning umurtqa pog‘onasi biror tarafga egilmasin, to‘g‘ri tursin. Chunki umurtqaning bo‘yin qismidan bosh miya, ko‘krak qismidan yurak va o‘pka hamda bel qismidan esa buyrak va jigarning faoliyatini ta’minlaydigan asab tolalari o‘tgan. Asab tolalari qisilsa, organizmdagi a’zolar dam olmaydi.
Vaqtida uxlash
Uyqu kelganda uxlamasdan boshqa ishlar bilan chalg‘ish kundalik tartibning buzilishiga olib keladi. Yoki uyqu kelmasdan uxlashga harakat qilish ham uyqusizlikning sabablaridan. Shu sabab uyqu kelmaganda biror ish bilan chalg‘ib, toki uyqu bosib kelmasa, yotmaslik tavsiya qilinadi. Bu holat har kimda har xil kuzatilishi mumkin. Buni tushunib turib harakat qilish kerak. Shu bilan birga, uyg‘ongan payda, garchi eng shirin vaqt bo‘lsa-da, shu zahotiyoq o‘rindan turish uchun odam o‘zida kuch topa olishi har tomonlama foyda keltiradi. Uyquning ortiqchasi ham, etishmasligi ham insonni holsizlantiradi.
Kislorodga to‘yish
Toza havoda yoki tashqarida uxlasangiz uyquga to‘yib uyg‘onasiz. Shu sabab, uyquga to‘yishning asosiy omillaridan, bu — toza havodan nafas olish hisoblanadi. Uyda esa xona harorati va havo namligini me’yorida ushlab turish zarur.
Badantarbiya
Yotishdan oldin va uyg‘onganda engil, sekinlik bilan, faqat 15 daqiqadan kam bo‘lmagan vaqt mobaynida badantarbiya qilish lozim. Yoki toza havoda sayr qilish, ertalab turib yugurish ham koni foyda. Bosh miyaning yaxshi dam olishi uchun ko‘z va quloq atrofini massaj qilib turish yaxshi uxlab, dam olishni ta’minlaydi.
Umr hammaga bir marta beriladi, bu qimmatli umrimizni behuda uxlash uchun sarflamasdan, uning barakali bo‘lishini ta’minlaylik. Bu qoidalarga amal qilish, o‘z vaqtida yotib-turish, nafaqat uyquga, balki sog‘ligingizni asrashga ham katta yordam beradi.