QONDA TEMIR KAMAYSA
Bugungi kunda «gemoglobin» so‘zi ko‘pchilikka, tibbiyotdan ancha yiroq bo‘lgan kishilarga ham yaxshi tanish bo‘­lib qoldi. Chunki er yuzidagi o‘ttiz foiz aholi shu kasallikdan aziyat chekadi.

Biz oliy toifali shifokor Husan Atashayxov bilan anemiya, uning xavfli asoratlari va unga qarshi kurashish usullari haqida suhbatlashdik.
Qonning rangi aslida yashilmi?
«Anemiya» – lotinchadan o‘zbek tiliga o‘girilganda «ani»-inkor, «miya»-qon degan ma’noni bildiradi.

Nima anemiyaga olib keladi?
Qon tarkibida eritrotsitlarning yoki temir mod­dasining kamayib ketishi kamqonlik – anemiyaga olib keladi.

Eritrotsitlar qonning eng ko‘p sonli hujayrasi hisoblanib, tanamizda bir daqiqada 150 mln eritrotsit paydo bo‘ladi. Ular 90-120 kecha-kunduz yashaydi. «Keksaygan» erit­rotsitlar qorataloq tomirlarida parchalanib ketadi. Qizig‘i shundaki, eritrotsitlar alohida olib, zarrabindan qaralganda yashil rangli bo‘lib ko‘rinadi. Ammo ular asosining 95 foizini gemoglobin – qizil qon tanachalari tashkil etadi.

Bir kunda ayol va erkak necha foiz temir yo‘qotib,  qanchasini o‘zlashtiradi?
Tanamizga temir mod­dasi oziq-ovqatlar orqali tushadi va ingichka ichakda qonga so‘riladi. Bir kecha-kunduzda odam 2-2,5 mg. temirni o‘zlashtira oladi, xolos. Zotan, go‘sht tarkibidagi temir moddasi, o‘simlik va meva-cheva tarkibidagi temirga nisbatan tanaga osonroq singadi. Masalan, o‘simliklar tarkibidagi temirning uch foizi o‘z­lashtirilsa, tanamiz go‘sht mahsulotlaridagi temirning 18-22 foizini bemalol sing­­diradi.

Anemiya bilan og’rigan bemorlarda temirning o‘zlashtirilishi ikki barobar oshadi, ya’ni tananing o‘zi kasallikka qarshi faol kurashadi.

Me’yor qancha?
Gemoglobin ayollar qon tarkibida 115-140 g/l., erkaklarda 125-160 g/l., bolalarda 110-120 g/l. bo‘lsa, bu me’yor o‘isoblanadi. Agar u ayollarda 115 g/l, erkaklarda 125 g/ldan past bo‘lsa, bu kamqonlikni bildiradi.

Kasallik darajasi uch bosqichda kechadi. Agar qondagi gemoglobin miqdori 90 g/lni tashkil etsa — yengil, 90-60 g/lgacha bo‘lsa – o‘rta, 60 g/ldan past bo‘lsa – og‘ir darajali anemiya o‘isoblanadi.

Tanaga kislorod etishmasa?!
Qonda gemoglobin kamligi tufayli miyaga, tanadagi ichki a’zo va barcha to‘qimalarga kislorod etishmaydi. Shuning uchun bunday bemorlar holsizlikdan, tez charchash, uyquchanlikdan shikoyat qilishadi. Miyaga kislorod etishmasligi tufayli bosh aylanib, ko‘z tinadi, quloq shang‘illaydi, hatto bemor hushdan ketishi ham mumkin.

Kamqon bo‘lgan bemorlarning rangi devordek oqarib ketadi. V/12 vitamini etishmasa – sarg’ish yoki zaxil kulrang tus­da bo‘ladi. Bolalarda ko‘z oqi ko‘kish tusda ko‘rinadi.

Ona kamqon bo‘lsa…
Bolani kislorod bilan ona ta’minlaydi. Agar ona kamqon bo‘lsa, buning oqibatida bola DTsP – bolalar tserebral falaji, ichki miya bosimi, affektsiya – bo‘g‘ilish bilan tug‘iladi. Homilador ayollar tug‘ruq paytida 300-400 gr qon yo‘qotishadi, shuningdek, laktatsiya – bolani emizish davrida ham onalar temir moddasini yo‘qotishadi. Shuningdek, ona kamqon bo‘lgani uchun bola ham kamqonlik belgilari bilan tug‘iladi. Bunday bolalar ham jismonan, ham aqlan yax­shi rivojlanmaydi.

Kamqonlik – boshqa kasalliklar asoratimi?

Qon asosan suyak ko‘­magida ishlab chiqariladi. Agar nurlanish oqibatida ilik qurigan bo‘lsa, u eritrotsitlarni ishlab chiqara olmaydi.
Bavosil, oshqozon yarasi, hayz tsikli buzilishi, jarohat olish oqi­batida qon ketishi tufayli qonda temir moddasi kamayib ketadi.
Oshqozon-ichak, osh­qozon osti bezi yallig‘lanishi tufayli temir mod­dasi yaxshi singmaydi.
Ichakdagi gijjalar temir moddasini so‘rib oladi va vitaminlarning tanaga singishiga monelik qiladi.
Oziq-ovqatlarda vitaminlarning etishmasligi, tanada (saraton,   bod kasalliklari tufayli) aksil hujayralarning paydo bo‘lishi, turli xil zaharlanishlar ham anemiyaga sabab bo‘ladi.
Manba: Bekajon nashri