Salat bargidan do‘lma

Zarur masalliqlar: 4-5 bog‘ salat bargi, 0,5 kg qiyma, 200 gr. guruch, 2 bosh piyoz, 1 dona pomidor, yarim bog‘ ko‘k piyoz, 1 osh qoshiq limon sharbati, ta’bga ko‘ra tuz va murch.

Tayyorlanishi: idishga qiyma va guruch solib, ustidan pomidor va piyoz to‘g‘raladi. Keyin masalliqqa limon sharbati, yog‘, tuz va murch qo‘shib, yaxshilab aralashtiriladi.

Salat barglari o‘zagidan ajratilib, ustidan qaynoq suv quyiladi va idish qopqog‘i 1-2 daqiqaga yopib qo‘yiladi. So‘ng salat barglariga qiyma solib, o‘raladi.

Qozonda qayla tayyorlab, ustidan do‘lmalar terib chiqiladi. Keyin keragicha suv solib, qozonning qopqog‘i yopilgan holda 35-40 daqiqa davomida past olovda pishirib olinadi.

Yoqimli ishtaha!

soglom.uz/tavsiya/salat-bargidan-dolma/