Karantin davrida isiriqdan foydalanishning ahamiyati

Isiriq giyohi va uning shifobahsh hususiyatlari karantin davri uchun katta ahamiyatga ega. U giyoh qadimdan insonga kelishi mumkin bo‘lgan barcha ofat va xastaliklarning oldini oluvchi hisoblanib, irim-sirim sifatida ham ishlatiladi.  Eski rivoyatlarga ko‘ra, xonadonda isiriq tutatib turilsa, kasallik kam bo‘ladi va isiriq ins-jinslarni haydab chiqaradi, deya tushuniladi.

Ilmiy tibbiyot isiriq tarkibida bo‘lgan ta’sirchan moddalar ko‘zga ko‘rinmas mikroorganizmlarga qiron keltirishini allaqachon isbotlab bergan. Shuning uchun isiriqdan ajratib olinadigan garminal-kolloidi va o‘simlik ildizidan tayyorlangan spirtli damlama Parkinson xastaligini, tutqanoq, ensefalitni, bosh miyaning yallig‘lanishi asoratini ya’ni qaltirashni davolashda hamda uxlatuvchi vosita sifatida ishlatiladi.

Isiriqning barcha tarkibiy qismlari va urug‘i alkaloidlarga boy bo‘lib, uning ildizida 3,3% gacha, poyasida 3,57% gacha, bargida 4,96% gacha va urug‘ida 6,6% gacha alkaloidlar borligi aniqlangan. Ulardan garmolin, garmin, peganel va dezoksipeganin kabi moddalar ajratib olinadi. Isiriqning urug‘idan ko‘p miqdorda yog‘ olish mumkin. Bu yog‘ni turli xil usullarda, masalan, juvoz usulida, yuqori mexanik bosim ostida yoki kimyoviy usullarda (ekstraksiya) olish mumkin. Isiriq yog‘i miyadagi to‘siqlarni ochish, paylarni mustahkamlash va paylardagi yellarni tarqatishda ishlatilishi mumkin. Isiriq yog‘ini ozuqa sifatida iste’mol qilish ham mumkin, albatta. Tizza va suyaklar qaqshab og‘riganda isiriqning yer ustki qismini ezib, og‘rigan joyga bog‘lanadi. Isiriqdan kuchli peshob haydovchi sifatida ham foydalanishadi.

Xalq tabobatida isiriqdan foydalanish. Uning yer ustki qismidan tayyorlangan qaynatma bod, bezgak, tutqanoq, uyqusizlik, shamollash va boshqa kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Bunday qaynatma qo‘tir, qichima va boshqa teri kasalliklariga ham foyda qiladi. Isiriqning urug‘idan tayyorlangan qaynatma zig‘ir urug‘ining qaynatmasi bilan birgalikda nafas qisishi, nafas olishning qiyinlashishida ishlatiladi.

Isiriqning shifobaxsh xususiyatlari sifatida quyidagilarni qayd qilishimiz mumkin: ichaklardagi bodlarni haydaydi, organizmda quyuqlashadigan moddalarning oldini oladi, sovuq mijozli kishilarga jinsiy quvvat bag‘ishlaydi, badanni semirtiradi, peshob, ter, sut va hayz yurishini ravonlashtiradi.  Savdo va quyuq balg‘amni esa ich ketishi bilan daf etadi.

Isiriqdan foydalanish uchun foydali tavsiyalar:  Isiriqni tuyib, xonaning burchaklari va poliga sepib qo‘yilsa, har xil hashoratlar bu xonadonga yo‘lamaydi, borlari esa  qochadi.  Isiriq tutatsangiz, xonangizning havosi tozalanadi, mikrob infeksiyalari qiriladi.

Isiriqdan qaynatma tayyorlash: kastryulkaga 250 gramm suv quyiladi va unga maydalangan isiriqdan bir choy qoshiq solib, past olovda 5 daqiqa qaynatiladi. Keyin 2 soat sochiqqa o‘rab damlab qo‘yiladi. Undan so‘ng 2 qavat dokadan suzib olinadi va ovqatdan oldin kuniga 3 mahal 1 osh qoshiqdan profilaktika maqsadida ichiladi.

 Isiriqdan vanna. Bir bog‘ isiriqni bir paqir suvda qaynatib, dokada suzib olingach, vannaga quyiladi. Uning ustiga issiq suv quyib, to suv sovigunicha vannada yotilsa, bosh og‘rig‘iga davo bo‘ladi.

Tizza va suyaklarning qaqshab og‘rishida. Bir siqim isiriqni 400 ml suvda past olovda 5 daqiqa qaynatiladi va bu qaynatmaga 10 kun davomida paxta yoki matoni shimdirib, og‘rigan joyga surib yurilsa, tizza va suyaklarning qaqshab og‘rishiga davo bo‘ladi.

Isiriq zaharli giyoh bo‘lgani uchun undan foydalanishda shifokor-tabib tavsiyalariga to‘la amal qilish lozim. Issiq mijozli kishilarga isiriqni iste’mol qilish zararlidir, chunki bu ularning boshini og‘ritib, yuraklarini behuzur qiladi.

Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira BEKChANOVA tayyorladi.

gujum.uz