Qoloq maktab eng yaxshi maktabga aylanish uchun nima kerak?
Agar ishtiyoq bo‘lsa, qoloq maktab eng yaxshi maktabga aylanadi.
Jamoada guruhbozlik avj olgan, ta’lim sifati tushib ketgan maktabni shahar miqyosidagi eng yuqori reytingga olib chiqish osonmi? Nega buni barcha maktab rahbarlari ham uddalay olmaydi? Ta’lim-tarbiya va jamoada ahillikni yo‘lga qo‘yishning qanday sir-asrorlari bor? Maqolamiz qahramoni Ozoda Salimova tajribasidan kelib chiqqan holda bu haqda o‘z mulohazalarini bildirdi.
25 yoshidan rahbar bo‘lib ishlayotgan ayol bilan suhbatlasharkanman, yaxshi rahbar bo‘lish ham alohida qobiliyat ekanligiga yana bir karra ishondim. Aravasini torta olmagan rahbar nega o‘z vaqtida joyini bo‘shatib qo‘ya qolmaskan, degan xayollar ham o‘tdi, Ozoda opa bilan suhbatdan so‘ng.
“Og‘ir” maktab
— 25 yoshimda Kattaqo‘rg‘on shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari sifatida ishlardim, — deya gapirib beradi Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi rahbari Ozoda Salimova. – Ishni ko‘ngildagidek olib borishimga qaramay, ba’zi maktab direktorlari mening yosh ekanligimni pisanda etishar, hali bironta maktabni obod qilib qo‘yibdimiki, bizga topshiriq beradi, degan gap-so‘zlar qulog‘imga chalinardi. Shundan so‘ng, oradan birmuncha vaqt o‘tgach, menga maktab direktorligini taklif qilishdi. Atrofimdagilar bunga rozi bo‘lmasligimni ta’kidlashdi. Ba’zi hamkasblarim “Hali yoshsan, u juda og‘ir maktab, hudud ham qiyin, seni sindirib qo‘yishadi”, deb nasihat qilishdi. Hatto shunday paytda ham ko‘nglimda ikkilanish bo‘lmadi. Nimagadir o‘zimga qat’iy ishonchim bor edi. Mayli, peshonamdan ko‘raman, lekin shu og‘ir maktabda ishlayman, undagi ahvolni yaxshilayman, degan ahd bilan bordim.
“Qo‘lidan nima ham kelardi?”
Bu shahdim dastavval maktabga borib, haqiqiy ahvolni ko‘rganimda rostdan ham biroz bo‘lsa-da, pasaydi, biroz dovdirab qoldim. O‘shanda 28 yoshda edim. Maktab jamoasida faoliyat yuritadigan kotiba va yana bir xodimdan boshqa barchaning yoshi mendan katta. Biz, ustozlar orasida bilasiz, yoshning ahamiyati alohida o‘rin tutadi. Ustozlarning yoshi qanchalik katta bo‘lsa, ular shuncha tajribali va hurmatga sazovor hisoblanadi. Shuning uchun jamoadagilar ham meni “buni qo‘lidan nima ham kelardi”, degan xayol bilan qabul qilishdi. Bilasizmi, ushbu qiyin vaziyatda ishni nimadan boshladim? Jamoada ishlaydigan barcha ustozlarni yig‘ib, ulardan maslahat oldim.
“Maktabni yaxshilash uchun nima qilish kerak?
Aniq, lo‘nda bitta taklifni yozma ravishda yozib berishingizni so‘rayman. Sizni ancha yildan beri pedagog sifatida nima qiynayapti, shu masalani kiritsangiz ham mayli. Qolaversa, men nima qilishim kerak, qanday ishlashim kerak? Shu savollarga javob tariqasida, istasangiz, anonim tarzda yoki ism-sharifingizni yozib, menga bildirishingizni iltimos qilardim”, dedim. Bir necha kun davomida barcha xodimlardan turli mazmundagi fikrlarni qabul qila boshladim.
Bir umrlik dasturulamal
-Ishga ertalabki yettida keling, kechikib keluvchilar soni kamayadi, qolaversa o‘zingiz kimlar kechiqib kelayotganiga guvoh bo‘lasiz…
-Har kuni og‘ir sinflarning darslariga bir kirib ko‘ring, haqiqiy ahvoldan boxabar bo‘lasiz…
-O‘qituvchilarning ko‘ngliga ham bir quloq solib ko‘ring, ularning ham dardlari bor axir…
Xullas, ushbu yozilgan fikrlarning qariyb barchasiga amal qildim. Ishga ertalab yettida kela boshladim: natijani qarangki, oradan bir necha kun o‘tmay haqiqatan ham ishga kechikib keluvchilar soni keskin qisqardi.
O‘zlashtirishi og‘ir bo‘lgan sinflarga bir kunda bir emas, bir necha marta kirdim. Ularning muammolarini o‘rgandim.
E’tibor talab qilgan o‘qituvchining oilasida qandaydir muammolari bo‘lishi kerak, deb o‘yladim. Bilsam, jamoada guruhbozlik shunchalik avj olganki, hatto oddiy tug‘ilgan kunlarda ham bir-birini tabriklamay qo‘yishgan ekan. Xodimlarning tug‘ilgan kunida kichikroq bo‘lsa-da, sovg‘a bilan tantanali tabriklab qo‘yishni tashkillashtirdik. Muammosi borlariga dalda berdik. Yaxshi tashvishlar bilan yurgan xodimlarga kichik bo‘lsa-da, e’tibor ko‘rsatdik. Bir qaraganda arzimasday ko‘ringan bunday tadbirlar jamoaning birlashishi, ahillashuviga olib keldi. Guruhbozliklarga o‘z-o‘zidan chek qo‘yildi. Jamoada sog‘lom muhit shakllana boshladi. Va yuqorida, Ustozlarning menga bildirgan takliflari men uchun bir umrlik dasturulamal bo‘lib qoldi.
Adolat — ta’limning bosh mezoni
Ana endi ta’lim bilan jiddiy shug‘ullanishning vaqti kelgandi. Har haftaning shanba kunlari o‘qituvchilardan diktant, imtihon olish tizimini yo‘lga qo‘ydim. O‘qituvchilar bir-biridan uyalganidan ham tayyorgarlik ko‘rib, o‘z ustida ishlay boshladi.
Yaxshi sinf rahbarlari, sinfida natijaga erishgan o‘quvchilari ko‘p bo‘lgan pedagoglarni doimiy rag‘batlantirib turdik. Sinflar reytingini joriy qildik. Sog‘lom raqobat paydo bo‘ldi. Muhimi – o‘qituvchilar uchun ajratiladigan mukofot pullari shaffof tarzda berildi. Hech kim bu o‘qituvchi nohaq mukofot oldi, deya olmaydigan darajada adolatli tashkil qilindi hammasi. Shu tariqa bu jamoa direktorlarni tinch qo‘ymaydi, yoza-yoz qilib albatta bo‘shatishga urinadi, deb ta’rif berilgan bu jamoada butunlay yangicha muhit shakllandi. Maktab Kattaqo‘rg‘on shahri bo‘yicha eng quyi darajadan 2-o‘ringa ko‘tarildi. Shu maktabda 12 yil davomida faoliyat ko‘rsatdim.
Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabiga direktor sifatida tayinlashganda yuqoridagi kabi muammolar yo‘q edi, maktab ta’lim reytingi bo‘yicha yaxshi o‘rinlarda edi. Ammo…
Ko‘zyoshimni yutib, ishga chiqdim
Bilasizmi, inson bir umr sinovlarni yengib yashashiga to‘g‘ri kelarkan. Afsuski, 2020 yil men uchun kutilmagan og‘riqli zarbalari bilan esda qoldi… Bir yilning o‘zida navqiron yoshda ukam, turmush o‘rtog‘im, otajonimdan ayrilib qoldim. Bu sinovlardan shunchalik dog‘da qoldimki, hech narsa ko‘zimga ko‘rinmasdi. Vaholanki, maktabga yangi direktor sifatida tayinlanganman, ta’lim sifatini yanada yaxshilash, kabi katta maqsadni reja qilganmiz.
Shu pallada ustozlarim, kasbdoshlarim qo‘llab-quvvatlab turdi, “Sen kuchlisan, barchasini yenga olasan”, deyishdi. Shunga ishondimmi, ishqilib, shuncha voqealardan keyin sentyabr oyida ko‘z yoshlarimni yutib, ishga chiqdim.
Bor alamimni ishdan oldim, bor kuchimni ishga sarfladim, ayriliqlarning azobiga duch kelavermaslik uchun ertayu kech ishladim.
O‘qituvchilardan diktant, imtihon olish tartibini bu maktabda ham davom ettirdik. Matematika-fizika fanlariga ixtisoslashgan maktabning reytingini ushlab turish osonmas. Boshlang‘ich sinfdan boshlab to yuqori sinflarga bu darslarni mukammal o‘rgatish, o‘quvchilar orasida doimiy ravishda yuqori natijalarni ko‘rsatishning o‘zi bo‘lmaydi.
Shuning uchun boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga yuqori sinfga matematikadan dars beradi.
Bugun maktabimizda bir nafar Xalq o‘qituvchisi, 15 nafar xalq ta’limi a’lochisi, “Do‘stlik, “Mehnat shuhrati” ordeni sovrindorlari faoliyat yuritadi.
Maktabimiz qator tanlovlarning respublika bosqichida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Mamlakatimiz rahbari xalq ta’limi xodimlari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bizda faoliyat ko‘rsatayotgan fizika fani o‘qituvchi Sayyora Imomovaning ish tajribasini ommalashtirish haqida aytib o‘tdi. Bunday natijalar dardu iztirobimni biroz bo‘lsa-da, bosdi, yana jo‘shqin hayotga qayta boshladim.
Ozoda opa maktabda baholash mezonlari, sinflararo reyting taxtalariyu, doimiy ravishda o‘quvchilar o‘z qo‘li bilan yasaydigan buyumlar yarmarkasi, o‘quvchilarining chizgan suratlariyu, ularning yutuqlarini gapirishdan charchamasdi.
Darvoqe, maktabga kirish eshigi ikkita ekan: biri o‘quvchilar, biri ustozlar uchun. Yaqindagina tarixiy obidalarni gid bilan sayohat davomida qadimda madrasalarda ham shunday usul qo‘llanilgani haqida bilgan edim. Ustoz-shogirdlikni ulug‘lab kelgan millat sifatida Ozoda Salimova boshchiligida maktab jamoasi ham bu qadriyatlarni, nafaqat o‘zaro hurmat, balki ta’lim-tarbiyada ham an’analarimizni saqlagan holda zamonaviy bilimlarni ulashayotgani havas uyg‘otadi, kishida.
Gulruh MO‘MINOVA.
Manba: zarnews.uz
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:10:10