Eng omadli kishilar
Hammamiz mo‘’jizalarga ishonib yashaymiz. Ehtimol, ko‘pchiligimiz “omad”dan boshqa so‘z bilan izohlab bo‘lmaydigan biror ajoyib voqealarni boshimizdan o‘tkazgandirmiz.
Ushbu maqola qahramonlari taqdir xayrixohligi ostida bo‘lgan va tasavvurga sig‘maydigan hodisalarni boshidan kechirgan. Maqolani oxirigacha o‘qing, ehtimol sizga ham omad kulib
boqadi.
Norvegiyalik Anders Helstrap yer yuzidagi eng omadli odamlarning o‘ntaligiga kiradi. Bunga ishonish qiyin, ammo bu parashyutchi haqiqiy meteoritga chap berdi. Osmondan juda katta tezlik bilan pastga qarab tushayotgan tosh jismi meteoritdan boshqa narsa emasligini darhol anglab oldi. Shunga qaramay u uni kameraga suratga tushirishga erishdi.
Amerikalik Joan Ginter bir necha yil davomida lotereyadan millionlab dollar yutib olishga muvaffaq bo‘ldi. 2008 yilda u yutib olgan eng katta yutuq 10 million dollarni tashkil qildi. U hali ham turli lotereyalarda qatnashadi va sotib olgan chiptalarining bir qismini do‘stlari va qarindoshlariga beradi.
Nitiren – syu maktabiga asos solgan yapon rohibi. U tarixda nafaqat diniy arbob, balki dunyodagi eng omadli kishilardan biri sifatida tanildi. Hukumat Nitirenning ta’limoti jamiyatga putur yetkazishi mumkin, deb hisoblagan va boshini tanasidan judo qilinishi orqali o‘lim jazosi berishga qaror qildi. Qatl paytida jallod chaqmoq urishi oqibatida halok bo‘ldi. U o‘ldirilmadi, lekin uzoq joylarga surgun qilindi. Rohib keksayib, diniy yetakchiga aylandi, uning ta’limoti esa o‘z izdoshlarini topdi.
Gollandiyalik velosipedchi Maarten de Yong vaziyatlarning tasodifan kelib chiqishi natijasida xavfni ortda qoldirgan omadli kishilardan biridir. 2014 yilda taqdirni ikki marta aldagan bu inson nom-nishonsiz yo‘qolib qolgan va shu kungacha topilmagan “MH-370” reysiga chipta oldi va ba’zi bir sabablarga ko‘ra u reysga ulgurmadi. Biroz vaqt o‘tgach, u boshqa reysga chipta oldi, ammo chiptaning arzonroq varianti topilgach, uni almashtirishga qaror qildi. Dastlab u uchishi kerak bo‘lgan samolyot Ukraina osmonida qulab tushdi.
Tarixga kirgan eng omadli insonlardan yana biri Sutomu Yamaguti. Ikkinchi jahon urushi paytida u “Mitsubishi” kompaniyasining xodimi bo‘lgan va deyarli butun dunyo bo‘ylab xizmat safariga chiqqan. Sutomu 1945 yilda Xirosimada safarda bo‘lganida birinchi atom bombasi tashlangan. U turli xil tan jarohatlari olib, tirik qoldi. Endigina xizmat vazifasiga qaytgan Yamaguchi ikkinchi yadro bombasi tashlanganini ham boshidan kechirdi. Sutomu Yamagutini uzoq umr ko‘rgan insonlarlar qatoriga qo‘shish mumkin, chunki u 93 yoshida vafot etdi.
Internet materiallari asosida Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:10:05