Mazkur metodik qo`llanma huquqshunoslik yo`nalishi bo`yicha tahsil oluvchi talabalarga mo`ljallangan bo`lib, unda talabalar tanlagan ixtisosliklari doirasida davlat tilini puxta bilishlarida, nutqlarini kasbiy atamalar bilan boyitishda, ularni mutaxassisliklari mavzusidagi muloqotlarda mustaqil qo`llay olishlarida yordam beradigan material sifatida xizmat qiladi.Fuqarolik – shaxsning muayyan davlatga mansubligi bo`lib, davlat unga nisbatan o`z hukmini o`tkazadi. Uni Konstitutsiyada ko`rsatilgan fuqarolik huquqlari va burchlari bilan ta’minlaydi, uning huquqini ushbu davlat ichida hamda tashqarisida muhofaza qiladi.
Fuqarolik – huquqiy holatdir. Fuqarolik munosabatlari bir tomonlama, alohida davlat yoki shaxsning xohishi bilan bekor qilinmaydi. Faqat davlat shaxsning xohishi bilan va uning taklifiga binoan bunday huquqiy aloqalarni uzishi mumkin.
Shaxsning fuqarolik holati davlat tomonidan alohida yuridik hujjat (pasport yoki guvohnoma) bilan belgilab qo`yiladi.
O`zbekiston Respublikasi fuqaroligi degan ibora nimani anglatadi? O`zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, fuqarolik instituti yangi ma’no kasb etadi. Endilikda fuqarolik davlatchiligimizning muhim va ajralmas belgisidir. U shaxsning davlatga mansubligini, unga daxldorligini yuridik tomondan mustahkamlaydi. Shuningdek, davlat shaxsni konstitutsiyada mustahkamlangan huquq hamda burchlar bilan ta’minlaydi