O’tkir Hoshimov "Uch xil odam" (hikoya) Bayram hamma yerda bir xil tantana qilinadi. Ammo hammayam bayramni bir xil nishonlayvermaydi... Ismoil to’rtinchi qavat derazasidan tashqarini tomosha qilib turardi. Kasalxona hovlisi gavjum. Ikki chetiga xonaki archalar ekilgan yo’lkadan ola xalat kiygan bemorlar, bashang kiyingan kishilar tinmay o’tadi. Qaerdadir birinchi qavatda, televizor qo’yilgan vestibyulda bo’lsa kerak, tantanavor musiqasadolari yangraydi. Ikki bino oralig’idagi gulzor atrofiga qo’yilgan o’rindiqlar tirband. Hov, chekkada kasalxona atrofini o’ragan beton devor yonidagi bir tup yong’oq soyasida, shundoq maysalar ustiga gazeta yozib er-xotin o’tirishibdi. Erkakning egnida kasalxona xalati. Xotin atlas ko’ylak kiyib olgan. To’rt-besh yoshlardagi bolakay qip-qizil pufagini havoda silkigancha, ularning atrofida pildirab yuribdi. Er-xotin unga ko’pda e'tibor berishmaydi ham, o’zlaribilan ovora. "Sog’inishib qolganbo’lsa kerak, — deb o’yladi Ismoil xayolan jilmayib. — Bugun shunaqa kun. Xotinlar eridan, erlar xotinidan xabar oladi". Shu tobda u o’zining yolg’izligini bugun ham, ertaga ham hech kim uni yo’qlamasligini o’ylab ko’ngli cho’kdi. Holidan xabar oladigan xotini yo’q. Bola-chaqasi yo’q. Ota-onasiga esa kasalxonaga tushganini xabar qilgisi kelmadi. Nima keragi bor keksa odamlarni ovora qilib? Operatsiyaga yotishi kerakliginiaytsa battar vahimaga tushishadi. Dashnoboddan Toshkentga kelibketish osonmi? U noxush xayollarni quvish uchun ishxonadagi do’stlarini o’yladi. «To’lqin ham kelmadi, kim biladi, balki kechanavbatchilik qilgan bo’lsa, uyidauyquni urib yotgandir". Navbatchilik qanaqa bo’lishini gazetachilar yaxshi biladi. Bitta harf o’zgarishi bilan «shahar»«zahar"ga aylanib, baloga qolishing hech gap emas... O’sha kecha Ismoil ham navbatchi edi. Alla-pallagacha sahifa o’qib qattiq toliqdi. Chanqab, muzdekkina sovuq choy ichganini biladi. Oshqozonida shu qadar qattiq og’riq turdiki, changak bo’lib qoldi. Tong-otarga yaqin to’ppa-to’g’ri shu yerga olib kelishdi. Uning baxtiga professor Narimonov hali ketmagan ekan.Ismoil ikki yilcha avval shifoxona haqida maqola yozgan, mana shu mashhur jarroh bilan ham suhbatlashgan edi... Tekshirib ko’rishsa, dard oshqozonda emas, o’t xaltasida ekan. Xaltachadagi tosh siljisa, tiqilib qolib, yomon oqibatga olib kelishi mumkin ekan."Parvo qilmang, — dedi professor , — bu murakkab operatsiya emas. Ko’richakni kesgandek gap. Sizni o’zim«kesaman". Avvaliga palatada muttasil anqib turadigan dori hidi, operatsiyadan yangi chiqqan bemorlarning oh-vohiga ko’nikolmay yurdi-yukeyin o’rganib qoldi. Endi o’zini ham «kesish"ga tayyorlab qo’yishdi. Hozir bir ko’ngli pastga tushib, televizor ko’rgisi keldi-yu tag’in«aynidi". Shu yerdan tashqarini kuzatishning o’zi tomosha emasmi? Boyagi yong’oq ostida hamon er-xotin o’tirishar, xotin oldidagi sumkasidan tuxum olib, eriga archib berar, bolakay esa pufagini o’ynar edi. Yo’lakdan oq xalat kiygan uch hamshira o’tdi. Har qaysisining qo’lida shoda-shoda nastarin. Qizlar nima haqdadir qattiq-qattiq gaplashishar, xandon otib kulishardi. "Bu yil nastarin ko’p bo’libdi, — deb o’yladi u qizlardan ko’z uzmay. — Tahririyat xonasida biqinib o’tirib gulniyam unutib yuboradi odam". Ismoil yana o’sha tomonga qaradi-yu yo’lakdan bir-biriga suyanib kelayotgan ikki yigitni ko’rdi. Ulardan biri mast bo’lsa kerak. Ko’ksiga lolaqizg’aldoq bosgancha gandiraklab qadam tashlar, sherigi uni qo’ltiqlab olgan edi. "Shunaqa joygayam mast bo’lib keladimi!» Ismoil ensasi qotib yuzini o’girdi. O’girdi-yu birdan o’sha tomonga qaragancha seskanib ketdi. Yigitning ko’ksidagi lolaqizg’aldoq emas, qon edi. Uning oppoq ko’ylagi qizarib, yoqavayron bo’lib ketgandi.«Birov pichoq uribdi", deb o’yladi, Ismoil vujudi muzlab. Yigitlar bir-birini suyagan ko’yi deraza tagidan o’tib, bino tomon burilib ketdi. Ismoil yo’lakka shoshildi. Sement zinalardan yugurgudek bo’lib, birinchi qavatga — jarrohlik bo’limining qabulxonasiga keldi. Ostonasiga ho’l latta tashlangan ochiq eshik oldida to’xtab ichkariga razm soldi. Boyagi oq ko’ylakli yigitcha kushetkada ikki buklanib o’tirar, boshini changallab nuqulso’kinar edi. Bemorning boshidan oqqan qon ko’ylagini qizartirganini endi ko’rdi. Kalta yengli, katak ko’ylak kiygan og’aynisi esa nima qilarini bilmay serrayib turar, rangi o’chib ketgandi. - Nega o’zidan o’zi senlarga butilka otadi? Ismoil ichkariga mo’ralab, devor tagidagi stol qarshisida o’tirgan do’xtirni endi ko’rdi. Bu— ko’zoynak taqib yuradigan rangsiz jarrohning familiyasi Olimboev ekanini Ismoil bilib olgan, bemorlar negadir undan cho’chishini ko’rib, hayron qolgan edi. O’zi yoshu hamma undan qo’rqadi. Ismoil yana bemorga o’girilib qaradi-da uning boshidan hamon qon oqayotganini payqadi. - Bilmadim, — dedi katak ko’ylakli yigit kipriklarini gunohkorona pirpiratib. — Ko’chada ketayotgandik. Birov avtobus derazasidan shisha otdi. Shisha Anvarning boshiga tegdi. — U gapini tasdiqlamoqchi bo’lganday bemorni barmog’i bilan ko’rsatdi. Anvar ko’zlarini do’xtirga qadab, boshini changallagancha yana so’kindi. - Shunday qilib, shisha otdi degin? — Jarroh xotirjam o’tirgancha ko’zoynagini yiltillatib bemorga qarab qo’ydi. - Qiziq, — dedi ingichka barmoqlari bilan stolni chertib, — bitta shisha shuncha qiladimi, a! Avval boshingga tegsa, keyin yoqangni yirtsa, ko’ylagingni dabdala qilsa. Qo’lli-oyoqli butilka ekan-da! Anvar labini yana ham qattiqroqtishlab, yig’lab yubordi. U yelkalari silkinib baralla yig’lar, ovozi endi rasta bo’lgani uchunmi, xunuk eshitilar edi. Katak ko’ylakli yigitcha esa nima qilishini bilmay, bir unga bir do’xtirga qarab javdirardi. - Xo’sh, sizga nima kerak? — dedi do’xtir birdan boshini burib. Ismoil beixtiyor ichkariga kirib qolganini, jarrohning ko’zoynak ortidagi tikandek o’tkir ko’zlari o’ziga tikilib turganini endi payqadi. - Nima sizniyam butilka bilan urishdimi? Ismoil uning ovozidagi zaharxandani sezib, achchig’i chiqdi. — Nega kalaka qilasiz? Ahvolini ko’rib turibsiz-ku, — dedi bemorga imo qilib. — Bir odam najot kutib tursa-yu siz tergov qilsangiz? Qanaqa do’xtirsiz o’zi? — O’zingiz kimsiz? — Olimboevshoshilmay o’rnidan turdi. Ismoil uning rangsiz yuzi yanada oqarib qirra burni qisilibketganini ko’rdi. Bu bola kimingiz bo’ladi? — dedi ko’zoynak ortidagi mitti ko’zlari chaqnab. — Taniysizmi? — Tanishim shartmi? — dedi Ismoil bo’g’ilib. — Kim bo’lsa ham odam-ku, axir! Bemor-ku! — Marhamat qilib xonani bo’shatib qo’ying. — Ismoil daf'atan esankirab qoldi. Hech kim u bilan bunday qo’pol muomalada bo’lmagan edi. — Menga qarang, — dedi ovozi titrab. — Bemorga hoziroq yordam ko’rsatmas ekansiz...«Feleton yozaman!» demoqchi bo’ldi-yu tilini tiydi. U hech qachon feleton yozmagan, yozmoqchi ham emasdi. Ammo birovning dardiga tomoshabin bo’lib turishni ham xohlamasdi. — Ketmayman! — dedi bo’g’iq ovozda. — Najot kutib turgan odamni so’roq qilishga nima haqqingiz bor? Prokurormisiz? — Birovning ishiga aralashishgasizning nima haqqingiz bor? — Olimboev shunday deb bemorgayuzlandi. — O’lmaydi. Jarohati o’ladigan darajada emas. Birpas azobini tortsa bezorilik qilmaydigan bo’ladi. Inqillamay o’tir, so’tak! Ismoil qolishini ham, ketishini ham bilmay ikkilanib turib qoldi. Do’xtirining buyrug’i bilan xonaga hamshira kirdi. Bemorning boshini tekshira boshladilar. — O’n sakkizinchi palatada bitta joy bo’sh, — dedi Ismoil. — Yonimdagi cholga bugun javob tekkan. Olimboev ko’zoynak ortidan«Haliyam shu yerdamisan» degandek istehzoli qarab qo’ydi. — Joyingizga boring! * * * Ismoil yig’i tovushidan uyg’onib ketdi. Boshini ko’tarib Anvarning karavotida, oyoq tomonida o’tirgan xotinni ko’rdi. Kecha Anvarni shu palataga olishganida Ismoil «Gapim Olimboevga ta'sir qipti-da", debo’ylagan edi. Keyin bilsa, boshqajoy yo’qligi uchun yigitchani shu yerga kiritishgan, miyasi chayqalgan-chayqalmaganini aniqlash uchun ikki kunga olib qolishgan ekan. Kechqurun hammana shu chigirtkadek ozg’in, qop-qora xotin Anvarning oldiga kelib ketgan edi. U tomirlari bo’rtib ketgan ozg’in qo’llari bilan yuzini to’sgan ko’yi o’ksib-o’ksib yig’lar, o’g’lini koyir edi. — Otangning kuydirgani yetmasmidi, juvonmarg! Endi sen bormiding, yergina yutkur! Ishlamasang, o’qimasang. Ajalning tig’i parroniga uchragur otang topganini ichsa!Hah, peshonaginam qursin-a... Ismoil uning ozg’in yelkalariga ingichka qo’llariga qarab rahmi keldi. Balki yagona umidi shu o’g’lidandir. Anvar sallaga o’xshab bint bilan bog’lab tashlangan boshini devor tomonga o’girib yotar, indamas edi. — Hah, peshonaginam qursin! — dedi ayol yana iztirob bilan. Anvar yotgan joyida jerkib berdi: — Ko’p vaysayvermang! Ismoil uh tortib o’rnidan turdi. Ayol kaftini tushirdi-yu yoshli ko’zlarini unga tikdi: — Sizniyam uyg’otib yubordikmi? — Ziyoni yo’q, — dedi Ismoil karavot tepasidagi sochiqni olibtashqariga chiqarkan. Uning ketidan Anvarning onasi ham chiqdi. Uch-to’rt qadam yurmasdan yetib olib Ismoilning qo’lidan ushladi. — Nasihat qiling, o’rgilay, — dedi muhim bir sirni aytayotganday pichirlab. — O’rtoqlari o’lgur yomon... Uchtasini yerga qo’yib, topgan bolam shu. Kechki maktabda binoyiday o’qib yuruvdi. Bozor-o’charimni birpasda qilib keladi.Oyog’idan o’t chaqnaydi. Otasining ichishini maktabdagi o’rtoqlari yuziga solgan ekan, o’qishni tashlab ketdi. .. Shu odam bo’lsin deb ko’cha supuraman. — Ayol yelkasiga tashlab olgan xalatining etagini qayirib, burnini artdi. Ismoil birovning ko’z yoshiga toqat qilolmasdi. Hozir ham tomog’iga iliq bir narsa tiqilib, ko’ngli buzildi. — Kuyunmang, xolajon, — dedi xo’rsinib. — Anvar hali yosh. Yo’lini topib ketadi. — Esli yigit ko’rinasiz., — ayol yana yig’lamsiradi. — Nasihat qiling, Xudoyo baraka toping. — Xo’p, — dedi Ismoil yutinib, — albatta aytaman. O’zim ishga joylab qo’yaman. Ismoil yuvinib kelganda, Anvar tumbochka ustida turgan stakandagi choyga qand solib, qoshiq bilan aylantirib o’tirardi. — Choy iching, — dedi u do’rillab. "Yosh bola, — deb o’yladi Ismoiluning yonib turgan ko’zlariga, hali ustara tegmagan mo’yloviga qarab. —Hali go’dak-ku, bu! Yo’lga solish kerak". — Rahmat. — Bir zum o’ylanib turdi-da, so’radi: — Nega urishding? — Qiz talashdik, — dedi Anvar hamon qoshiqni aylantirarkan, axmoqlarcha iljayib. Ismoil bu yoshdagi bolalarga nasihat yoqmasligini bilar, shuning uchun kechadan beri nima voqea ro’y berganini surishtirmagan edi. — Qiz seni yaxshi ko’rsa, talashishning nima keragi bor! — dedi u iloji boricha tabiiy gapirishga urinib. Anvar yana boyagiday iljaydi: — Tanimayman o’zini! — Tanimasang nega talashasan? — Ie, qiz bo’lgandan keyin talashadi-da. — Endiyam talashsang kaltakning bundan kattasini yeysan! Ismoil uning boshidagi qon dog’i qotib qolgan «salla"ga imo qildi. — Bu safar oson qutulibsan! — Menmi?! — Anvar tumbochkani shu qadar zarb bilan mushtladiki, tagida ozginachoy qolgan stakan zirillab ketdi. — Endi kaltakni boshqasiyeydi. Qonini ichaman! Ismoilni operatsiya stoliga yotqizishlari bilan tepasida Olimboev paydo bo’ldi. Uning og’zi-burni doka niqob bilan to’silgan, faqat yiltirab turgan ko’zoynagining o’zi qolgan edi. Ismoilning yuragida qo’rquv aralash shubha uyg’ondi. Uni prfessor Narimonov operatsiya qilishi kerak edi-ku! Olimboev uning ko’nglidan o’tganini sezgandek boshiga egildi. — Domla sanaviatsiyada Navoiyga uchib ketdilar. Og’ir kasal bor ekan. — So’ng mitti ko’zlari qisilib kulimsiradi. — Qo’rqmang, operatsiyangiz murakkab emas. Uzog’i bilan birhaftada oyoqqa turib ketasiz. Ismoil taqdirga tan berishdan boshqa iloji qolmaganini bilib, ko’zini yumdi. Rostini aytganda,endi unga baribir edi. — Bilasizmi, do’stim, — dedi Olimboev uning boshiga egilib. — Meditsinani eng insonparvar kasb deyishadi. Ammo jarrohlikda shafqatni yig’ishtirib qo’yish kerak. Bo’lmasa jarrohning qo’li qaltiraydigan bo’lib qoladi... Gumanizm — sizlarning soha. Bir necha lahzadan keyin shunday jimlik cho’kdi-ki, Ismoil o’z yuragining urishini o’zi eshitayotgandek bo’ldi... * * * Insonning doimiy hamrohi xayol bo’lmaganida odam nihoyatda qashshoq bo’lib qolarmidi... Ismoil oppoq shiftga muttasil tikilib yotgan uch kun mobaynida o’sha beadad xayollar uni tark etmadi.Operatsiyadan keyin qornida paydo bo’lgan og’riq azob berganida ham, osma ukol tagida yotib, ikki kun tuz totmaganida ham o’sha xayollarbilan ovundi. O’zlarining qishloqdagi chorbog’da bo’lgan to’yni esladi. Har gal qishloqqa borsa, uning huzuriga iymanibgina chiqadigan, sog’inib ketganini qulog’iga shivirlab aytib, unsiz yig’laydigan xotini Shohidaningrangpar, ammo ko’rkam yuzi, quralay ko’zlari tasavvurida jonlandi. Ismoil uchinchi bosqichni bitirgandan keyin ota-onasi ko’zimiz tirikligida ko’rib qolaylik, deb uning to’yini o’tkazishgan edi. U Toshkentda yurganida hech kimni chandon yaxshi ko’rmagani uchun, qo’shni qishloqning eng suluv qizini olib beramiz deyishganlarida ko’nib qo’ya qolgandi. Avvaliga Shohidani yaxshi ko’radimi-yo’qmi o’zi ham bilmay yurdi. Faqat xotini vafot etganidan keyin uni yaxshi ko’rishini, jonidan ortiq sevishini his qildi. Shohidaning yuragi tug’ma«porok» ekan. Do’xtirlar unga tug’ishi mumkin emasligini aytishsa ham Ismoildan yashirib yuraveribdi. Ona bo’lishni xohlamaydigan ayol bormi? Ustiga ustak qishloq tug’ruqxonasi. ...Ismoil uning azasiga yetib bordi. Ham suygan ayoli, ham yulduz ko’rmay jon bergan begunoh chaqaloqdan judo bo’lish og’ir ekan. Shundan keyin, Ismoil qishlog’iga qaytib bormadi. Yuqori bosqichda o’qiyotganida amaliyotda qatnashgan gazeta tahririyatidaeng «kichik» lavozim — musahhih yordamchisi qilib ishga olinganiga rahmat dedi... Daraxt bir yerda ko’karishi rost ekan. Bora-bora gazetaning yetakchi xodimlaridan biriga aylandi. Jurnalistning qattiq noni, goho kecha-kunduz tinim bilmay ishlash unga yoqar, to’g’rirog’i, yarasining eskirishiga yordam berayotgandek edi... Kecha hamkasblari ko’rgani kelishganida o’zining behalovat hunarini qattiq sog’inganini his etdi. Erta-indin o’ziga javob berishlarini, tag’in ishga sho’ng’ib ketishini o’ylab taskintopdi. So’ng Anvarga ishga kiritib qo’yaman, degani esiga tushib, hamshiradan turar joyini yozib oldi. Bitta-bitta yurib hovliga chiqdi. Ikki chetiga archalar ekilgan yo’lkadan ohista yurib ketdi. Quyosh hali botgan, ammo havotund, ko’ngilni g’ash qiladigan bulutli oqshom edi. Hovlida odam siyrak, aftidan yomg’ir yog’sa kerak, namxush shamol esib turardi. U yo’lkaning oxiriga borib, orqasiga burilgan edi, tanish ovozni eshitib to’xtab qoldi. — Qo’y deyman, joyiga! — dedi o’sha ovoz. Keyin qo’pol qilib so’kindi. — Qo’y bo’lmasa, abjag’ingni chiqarib tashlayman, onangni... Ismoil ovoz chiqqan tomonga — kasalxona devori yonidagi yong’oq tagiga qaradi-yu davra qurib o’tirgan bir to’da odamlarni ko’rdi. Yo’q, bular bemor emasdi. Ismoil sinchiklab qarab, maykachan bo’lib olgan Anvarni ko’rdi. U o’tirgan joyida yonidagi yigitning qizil ko’ylagiga yopishib olgan, yigit o’rnidan turmoqchi bo’lar, Anvar qo’yib yubormas edi. "Qayoqdan kiribdi bular! — deb o’yladi Ismoil o’sha tomonga yurarkan, keyin tushundi. — Devor oshib tushgan". U yetib borguncha qizil ko’ylakliyigit o’rnidan turdi. Anvar ham uning yoqasiga yopishgancha turib ketdi. "Ahmoq — deb o’yladi Ismoil ichida Anvarni koyib, — yana janjal boshlayaptimi?» U yaqin kelib, maysa ustidagi sochilib yotgan mayda-yirik aralash pullarni ko’rdi. Nariroqda ikkita araq shishasi dumalab yotar, davradagi to’rt erkak bamaylixotir sigaret tutatib, Anvar bilan qizil ko’ylakli yigitning janjalini kuzatar, ammo ajratib qo’yay demasdi. "Ablahlar! Kap-katta odamlar yosh bolalarni urishtirib tomosha qilib o’tirsa!". U qorni og’riy boshlaganiga qaramay qadamini tezlatib keldi-da, Anvarning bilagidan ushladi. — Qo’yvor! — dedi sekin, ammo qat'iy qilib. Anvar yarq etib qaradi. Uning rangi o’chib ketgan, harsillar, ammo raqibini qo’yib yubormasedi. Qizil ko’ylakli novcha yigitning ham rangi gezarib ketgan, bir og’iz ham gapirmay yulqinar, Anvarning changalidanchiqmoqchi bo’lar edi. — Pulni yutib olib, endi qochadimi? — qichqirdi Anvar tupuk sachratib. — Qo’yib yubor! — dedi Ismoil qat'iy qilib. — Kim senga qimor o’ynasin dedi Ismoil bir qarashdayoq Anvarning ko’zlarida sovuq o’t yonib ketganini sezdi. Lekin e'tibor bermadi. U hech qachon qimor o’ynamagan, poezddami, boshqa joydami, shunday davrani ko’rsa, chetlab o’tar, bu o’yinning qoidalarini ham, yovvoyi zavqini ham bilmas, tanolishni xohlamas edi. Yerda o’tirganlardan biri, mast bo’lsa kerak qiyqirib kuldi. — O’qituvching zo’r-ku, Anvar! Anvar shuni kutib turganday Ismoilga o’shqirdi. — Xo’jayinmisan menga?! Ismoilga uning sensirashi alam qildi. Chigirtkaday ozg’in, qon qaqshab yig’layotgan ayol ko’z oldiga keldi-yu yuragi ezilib ketdi. — Kallang ishlaydimi, ahmoq! — dedi bo’g’ilib. — Nima deb kelishgandik sen bilan! Anvar hamon raqibiga yopishgan ko’yi xirilladi: — Bor-r-re, onangni!... Ismoil o’zini tutolmay qoldi. Anvarning yuziga tarsaki tushirdi. Sekin, ayab... Kutilmaganda Anvar uning qorniga shu qadar zarb bilan musht tushirdiki, Ismoilning ko’zidan o’t chaqnab ketgandekbo’ldi. Biqinida chidab bo’lmas og’riq uyg’onib, hamma yoqni zulmat qopladi-da, gursillab yerga yiqildi. U ko’zini ochganida eng avval bir juft yaltiroq narsani ko’rdi. Sinchiklab qarab, bu ko’zoynak ekanini, boshida Olimboev engashib turganini angladi. So’ng tag’in o’sha tanish jarrohlik stolida yotganini, atrofini oq libosli odamlar o’rab olganini ko’rdi. Olimboevning yupqa lablari qimirladi. Ismoilning hamon guvillab turgan qulog’iga uning ovozi uzoq-uzoqdan eshitilgandek bo’ldi. — Xavf o’tdi!... Qo’rqmang, do’stim, tuzalib ketasiz. Faqat bu gal ko’proq yotasiz... — bir zum sukut saqlab, qo’shib qo’ydi. — Gumanizm yaxshi narsa... Faqat bilgan odamga...