O’tkir Hoshimov To‘ng‘ich kuyov bo‘lganimiz uchunmi, qishloqqa borsak, darrov shaharlik kuyov keldi, deb ovoza bo‘lib ketadi. Olmoqning bermog‘i bor, deganlaridek, tez-tez javob vizitlari ham bo‘lib turadi. Yaqinda yana shunday bo‘ldi. Ishdan qaytib eshikni ochishim bilan yangangiz Tursunoy ro‘paramga keldi. — Tsh... — dedi u ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosib. — Sekinroq, namoz o‘qiyaptilar. — Kim? — dedim men ham beixtiyor pichirlab. — Bog‘bon amaki. — Kim u, bog‘bon amaki? Tursunoy shuncha yildan buyon bog‘bon amakini tanimaysizmi, degandek qoshini chimirdi. — Qishloqda u kishini hamma taniydi. Xudo yarlaqab bir kelib qolibdilar. Sekin yechinib, oyoq uchida uyga kirdim. Bog‘bon amaki televizorning antennasini mo‘ljallab sajdaga bosh qo‘ygan ekanlar. Anchadan keyin ko‘tarib, o‘ng tomonga, chap tomonga salom berdilar-da, qaddilarini rostlab, menga o‘girildilar. — Assalomu alaykum, kuyov bola! Xo‘p salomatgina bormisiz? — Bog‘bon amaki bilan birinchi marta ko‘rishib turgan bo‘lsak ham eski qadrdonlardek quchoqlashdik. Odamni bir qarashda bilsa bo‘ladi. Bog‘bon amaki ko‘p odamoxun kishi ekan. Dasturxon atrofiga o‘tirishimiz bilan mosh-guruch soqolini tutamlab gapga kirishib ketdi. — Bu deyman, kuyov yigit, ishlar ko‘payib ketdimi? Qishloqqa kam boradigan bo‘lib qoldingiz. Qaynotangiz ko‘p asl odam-da! Bolalikdan tepkilashib katta bo‘lganmiz. Shu deng shaharga ketyapman, deb qolmaymanmi! Bizning farzandlarimiznikida o‘n-o‘n besh kun turib kelmasangiz qattiq xafa bo‘laman, deb turib oldi. Men ham yuzidan o‘tolmadim. — Juda yaxshi qilibsiz, rahmat, — dedim quvonib. Bog‘bon amaki, u dunyoni ham, bu dunyoni ham baravar olib boradiganlardan ekan. Osh oldidan qittak-qittak haligi narsadan qilsakmikan, degandim, noz qilib o‘tirmadi. — Ha, endi buning o‘zi harommas. Kayfi harom, — dedi piyolani qo‘liga olib. Shundan keyin ikkovimizning ham qulfi dilimiz ochilib ketdi. Bog‘bon amaki og‘zidan bol tomib yangangizni maqtay ketdi. — Tursunoy qishloqning eng oldi qizi edi-da, o‘ziyam. Baxtingiz bor ekan. Shundoq qizimizga uylandingiz. Qaynotangizni aytmaysizmi? Shaharga uzum sotgani ketyapman desam, gastinisa-pastinisa qilib urinib yursangiz, betingizga qaramayman, deydi-da! Bu yil bozorda uzum serob. Shu kunda sotib qolmasak, erta-indin yanayam arzonlashib ketadi. O’n-o‘n besh kun bir g‘ayrat qilamiz-da, endi. Yolg‘iz qo‘llik qilmayin deb, jiyanni olib kelganmiz. Bozorda uzumga qorovul bo‘lib qoldi. Uyam siz bilan bir otamlashmoqchi o‘zi. O’qishga kiraman, so‘t bo‘laman, deydi. Topgan hunarini qarang. — Nega olib kelmadingiz? — dedim astoydil ranjib. — Aytayapman-ku, bozorda qorovullik qilib qoldi. Ertaga albatta olib kelaman. Xo‘p ulfat yigit-da, o‘ziyam! Yarim kechgacha gurunglashib o‘tirdik. Keyin Tursunoy bog‘bon amaki ikkalamizga uyga joy solib berdi. O’zi balkonga chiqib yotdi. Bir xonalik uyda turgandan keyin odam o‘rganib ketarkan. Ayol mehmon kelib qolsa, men, erkak mehmon kelsa, Tursunoy balkonga chiqib ketadi. Bog‘bon amaki so‘zida turadigan odam ekan. Ertasiga ishdan kelsam chust do‘ppi kiygan, ixchamgina yigit bilan gurunglashib o‘tirishibdi. — Ie, assalomu alaykum! — Yigitcha sakrab turib men bilan quchoqlashib ko‘rishdi. — Sog‘-salomat yuribsizmi, pochchajon? Eshik-ellar tinchmi, pochchajon! Bardamgina yuribsizmi, pochchajon? Tog‘amlar bilan bir kelib qolgandik. — U bog‘bon amakiga ishora qildi. — Pochchang bilan otamlashmasang bo‘lmaydi, deb turib oldilar. Tursunoy opamizning xo‘jayinlari bilan tanishamanu quvonmaymanmi, deb yugurib keldim. Mening bozor-o‘charga tobim yo‘q. Asli bu yerga o‘qishga kirish uchun kelganman. Bir yordamlashib yuridicheskiyga joylab qo‘ymasangiz bo‘lmaydi, pochchajon. Hozir tanish-bilishsiz ish bitmaydi. — Bilasizmi, o‘qishga kirish qiyin, — dedim ming‘illab. — Mening tanishlarim yo‘q. Bog‘bon amakining qulog‘ida lokator bor ekanmi, ming‘illab aytgan gapimni ham darrov eshita qoldi. — Ashnaqa demasinlar-da, kuyov! Siz ham so‘t tayyorlaydigan institutda ishlaysizmi, axir? — Amakijon, men domla emas, aspirantman, — dedim tushuntirib. — Aspirantmi-maspirantmi, bir joyda ishlagandan keyin baribir emasmi? — Bog‘bon amaki astoydil ajablandi. — Men ham boqqa suv taragan suvchiga besh-o‘n yashik uzum beramanmi? Buyam shunga o‘xshagan narsa-da! Institut ham o‘zlariga dehqonchilik! Nima deyishimni bilmay turgan edim, oshxona tomondan Tursunoyning yo‘talgani eshitildi. Bunaqa "adresli" yo‘tallarning ma’nosini yaxshi bilib qolganman. Meni chaqiryapti. Darrov oldiga chiqdim. — Go‘rga unaqa deysizmi? — dedi pichirlab. — O’zini olib qochyapti, deb o‘ylamaydimi? — Nima qilay, rostini aytayapman-da! — Qishloqdagilar sizni butun shaharni yotqizib turg‘izadigan odam, deb o‘ylashadi. Bir gap qilarmiz, deya qo‘ya qoling. Ha, undan keyin. — Tursunoy ovozini yanayam pasaytirdi. — Anavu sapojki o‘lgurni olmasam bo‘larkan. Uyda bir tiyin pul qolmabdi. Mehmonlar yana o‘n-o‘n besh kun turadiganga o‘xshaydi. Oylikkacha biror yerdan pul topmasangiz bo‘lmaydi. Bu kecha ham mehmonlar bilan allapallagacha gaplashib o‘tirdik. Tog‘a-jiyanni xoli qoldirish uchun alohida joy qilib berdik. Yangangiz odatdagidek balkonda, men bo‘lsam oshxonada yotdim. Oshxonaga o‘rnashib qolgan piyozdog‘ hidi ko‘nglimni bir oz behuzur qilganini hisobga olmaganda juda yaxshi uxladim. Ertalab qo‘ng‘iroq tovushidan uyg‘onib ketdim. Shosha-pisha yo‘lakka chiqsam, Tursunoy chaqqonlik qilib, allaqachon eshik oldiga borib olibdi. U eshikni ochdi-yu, atlas ko‘ylak kiygan, sochini maydalab o‘rgan ayolni ko‘rib, qichqirib yubordi. — Voy, Adol, o‘zingmisan?! Ikkovlari bir-birining quchog‘iga otilishdi, cho‘lpillatib o‘pishishdi. — Bu mening dugonam — Adolat, — dedi Tursunoy entikib. — Bolalikdan birga o‘sganmiz. Adolat ichkariga kirar-kirmas iymanib pichirladi. — Men yolg‘iz emasman, — u yuzlari lovillab qizarganicha, Tursunoyning qulog‘iga bir nima deb shivirladi. — Voy, shunaqami! — Tursunoy quvonganidan qarsak chalib yubordi. — Chaqir bo‘lmasa. — U menga qarab tushuntirdi. — Adolatning to‘yi yaqinda bo‘ldi. Kuyov ikkovlari Toshkentga o‘ynagani kelishgan ekan. Zum o‘tmay kattakon chamadon ko‘targan novcha, oriq yigit kirib keldi. Tog‘a-jiyanlar, kelin-kuyovlar, o‘zimiz to‘planishib nonushta qildik. Hamqishloqlar sog‘inishib qolishgan ekan, xo‘p gurunglashishdi. — Gastinitsaga borsak joy yo‘q, — dedi Adolat kelinlarga xos tabassum bilan. — Shu yoqqa qarab kelaverdik. O’n-o‘n besh kun turib, Tursunoyni xursand qilib kelinglar, deb ayamlarning o‘zlariyam aytgan edilar. Boyadan buyon jim o‘tirgan kuyov endi gapga aralashdi. — To‘yga bormadinglar-da! — dedi u gavdasiga yarasha ingichka tovushda. Gapirganida uchli baqbaqasi likkillab turarkan. Endi payqadim. "Bizni to‘yga aytmovdinglar shekilli", degim keldi-yu tag‘in o‘ylab qoldim. Kim bilsin, balki Tursunoyga xat-pat yuborishganu men bexabar qolgandirman. — Men Toshkentga uch yil oldin bir kelganman. Juda o‘zgarib ketibdi, — dedi kuyov yana baqbaqasini likkillatib. — Bu kishining o‘zlari sizlarga shaharni tomosha qildiradilar, — yangangiz menga imo qildi. — Shunaqa paytda o‘ynab qolmasanglar, keyin vaqt topilmaydi. — Biz ham shuni o‘ylab turgandik, — kuyov tasdiqlab bosh silkidi. — Ko‘chaning chetiga ka-a-a-ta qilib "San’at ustalari kontserti" deb yozib qo‘yibdi. Apisha! Baqqa kelayotganda ashi kansertga tushamiz, deb qo‘ygandik. Parishtalar omin degan ekan. Pochchamiz to‘rttagina bilet topsalar birgalashib tomosha qilamiz! Nonushtadan keyin Tursunoy bilan yo‘lakka chiqib maslahatlashdik. — Endi bundoq qilamiz. Ishxonadagi o‘rtoqlardan qarz ko‘tarib turaman. Joy masalasini bunday taqsimlaymiz. Kelin-kuyovga ichkariga joy qilib berasan. Yosh narsalar ekan. Bir-biridan ajratish yaxshimas. Bog‘bon amaki balkonda, jiyani oshxonada yota qolsin. O’zing bir amallab kavshandozga joylasharsan. Men kechqurun, mehmonlar bilan o‘tirishib bo‘lgandan keyin ishxonamga borib yota qolaman. Ishimiz ikki smenalik deb bahona qilaman. — Mayli, — dedi Tursunoy pichirlab. — Faqat tezroq pul topmasangiz bo‘lmaydi. Aksiga olib ko‘k choy ham qolmabdi. Pulni olgandan keyin qaysi bozorga borsam ekan, degan o‘y bilan zinadan tushib ketayotgandim, bir oz xirillagan ovoz eshitildi. — Ie, assalomu aleykum, kuyovto‘ra! Cho‘chib boshimni ko‘tardim. Ro‘paramda yuzlari oftobda qoraygan, chayir gavdali, qo‘sh belbog‘ bog‘lagan kishi turardi. Pastdan esa besh-olti yoshlardagi bolasini yetaklab semiz xotin harsillab chiqib kelardi. Notanish kishi ko‘rishish uchun quchoq ochgandi, qo‘limni cho‘zib qo‘ya qoldim. — Ie, tanimadilar shekilli, kuyov? — dedi u ranjib. — Qishloqqa borganlarida hamsuhbat bo‘lgandik. Qarta o‘ynagandik. Pirra! Ammo o‘zlari pirraning xo‘p hadisini olgan ekanlar! Qatorasiga yetti marta qoldirgandingiz... — Kelaveringlar, kelaveringlar, — dedim damim ichimga tushib. — Bemalol... — O’zlariga yo‘l bo‘lsin? — dedi "pirrachi". — Menmi? Men ko‘chib ketyapman. Aspirantlar uyiga! — shunday dedimu, uchta zinani bitta qilib sakrab-sakrab pastga tushdim-da, ko‘chaga otildim. Telegram.me/KitobL kanali uchun