FALES

FALES Miletlik (mil. av. taxm. 625 — taxm. 547) — yunon faylasufi, antik falsafa va fanning ilk namoyandasi. Milet maktabiga asos solgan. Fales savdogar, siyosiy arbob, munajjim, fiziolog, suv muhandisi sifatida ham taniqli edi. U koʻpgina mamlakatlar (jumladan, Misr va Bobil)da boʻlib, ularning madaniyati, fani, falsafiy merosi bilan yaqindan tanishgan. Turli sohalarda, xususan, astronomiyada kashfiyotlar qildi (mas, Yunonistonda 1boʻlib Quyoshning mil. av. 585-y. da tutilishini oldindan aytib bergan). Falesning fikricha, Oyning yorugʻi Quyosh nurining undagi inʼikosidir. U, shuningdek, Quyoshning 1 y. davomida harakati 365 kunga teng ekanligini isbotlagan. Fales taʼlimotiga koʻra, tabiatdagi turlituman narsa va hodisalar dastlabki ibtido — suvdan paydo boʻlgan va pirovardida suvga aylanadi. U 1boʻlib, olamning moddiy birligi haqida, bu moddiy birlikning doimiy harakatda va oʻzgarishda ekanligini aytgan.

Fales asarlari saklanmagan. U hakdagi maʼlumotni Aristotel asarlaridan topish mumkin. Jumladan, Fales «Quyoshning harakati haqida» «Teng kunlik haqida» kitoblarini yozganligi maʼlum.