EHTIROS

EHTIROS — butun vujudni qamrab oluvchi kuchli koʻtarinkilik tuygʻusi; uzluksiz, davomli, barqaror hissiy holat. Ehtirosning namoyon boʻlishi, kechishi va kuchayishining sabablari xilmaxil. Uning negizida odamning ongli eʼtiqodi, shaxsiy gʻoyasini roʻyobga chiqarish istagi, oʻz qarashlarini amalda qaror toptirish xohishi yotadi. Joʻshqin tuygular, tabiat goʻzalligiga oshnolik hissi, sportga ishqivozlik, shahvoniy moyillik, shuningdek, qimor, giyohvandlikka berilish, diniy fanatizm E. ning omillari boʻlishi mumkin. Ehtirosning kelib chiqishiga baʼzi ruhiy xastalik (shubhalanish, alahsirash, koʻzga allanarsalarning koʻrinishi, qoʻrquv kabilar)dagi hissiy holatlar sabab boʻladi. Ehtiros faol harakatga turtki beradi, xissiy va irodaviy xislatlarni uygunlashtiradi. Shaxsning maʼnaviy, aqliy, axloqiy, jismoniy fazilatlari qoʻshilib buyuk ishlar, yuksak jasorat, tengsiz kashfiyotga yetaklaydi. Ehtiros insonni oʻz oldiga qoʻygan maqsadini roʻyobga chiqarishga butun gʻayratini safarbar etuvchi koʻrinishga ega. Mehnat qilishga, bilim olishga intilish, jasorat, fidoyilik — ijobiy Ehtiros namunasi boʻlsa, shaxsiyatparastlik, hirsga berilish, qasoskorlik, huquqtartibotni buzishga qaratilgan harakat salbiy Ehtirosga misol boʻladi.

Ergash Gʻoziyev.