ASHULA VA RAQS ANSAMBLI

ASHULA VA RAQS ANSAMBLI — turli tarkibda tashkil topgan sozanda, xonanda va raqqoslar guruhi. Ilgarilari Oʻzbekistonda ham shunday ansambl (dasta)lar boʻlgan (q. Mavrigi, Beshqarsak, Yalla). Lekin ularni hoz. ansambllarga tenglashtirib boʻlmaydi. Avvalo xotinqizlar erlar bilan bir guruhda qatnasha olmas edi. Bazmlarda, xalq sayillari va yigʻinlarda sozanda-xonanda, raqqos va qiziqchilar toʻdasi qatnashsada, lekin ular oʻz sanʼatini yakka-yakka namoyish qilar edilar. Ke-yinchalik yangi turdagi Ashula va raqs ansambli va r. a. lar vujudga kela boshladi. Hamza Hakimzoda Niyoziy, Muhiddin Qoriyoqubov, Tojizoda, keyinchalik Toʻxtasin Jalilov va b. rahbarligida ansambllar tashkil topdi. OʻzRda «Shodlik», «Zarafshon», «Lazgi» kabi professional Ashula va raqs ansambli va r. a. lari bor. Bulardan tashqari viloyatlarda xalq, folklor-etnografik va koʻpgina havaskor Ashula va raqs ansambli va r. a. tashkil topgan: «Beshqarsak» (Urgut), «Mohi sitora» (Buxoro), «Namangan olmasi» (Namangan), «Boysun», «Shalola», «Sariosiyo» (Surxondaryo), «Yoshlik», «Orazibon» (Xorazm) va b. Ular xalq orasida anʼanaviy oʻyin-raqs va zamonaviy musiqa-xoreografiya sanʼatini targʻibot etishda katta xizmat qilmoqdalar.