ANALITIK GEOMETRIYA

ANALITIK GEOMETRIYA — geometriya boʻlimi; unda sodda geometrik obrazlar (nuqtalar, toʻgʻri chiziqlar, tekisliklar, ikkinchi tartibli egri chiziqlar va sirtlar) koordinatalar usuli asosida algebraik vositalar bilan oʻrganiladi. Koordinatalar usulining mohiyati quyidagicha: a tekislikda oʻza-ro perpendikulyar Ox va Ou toʻgʻri chiziqlarni chizamiz, ularda musbat yoʻnalishlarni, koordinata boshi O nuqtani va masshtab birligi ye ni tanlab olamiz. Bu holda a tekislikda toʻgʻri burchakli Dekart koordinatalar tizimi Oxu berilgan deyiladi; Oxabssissalar oʻqi, Ou esa ordinatalar oʻqi deyiladi. Tekislikdagi ixtiyoriy M nuqtaning holati OMx va OMu kesmalarning (tegishli ishora bilan olingan) uzunliklari x va u bilan bir qiymatli aniqlanadi. Abssissasi x va ordinatasi u boʻlgan M nuqta (Mx,u) kabi belgilanadi. Shua tekislikda biror chiziq olingan boʻlsa, unga tegishli nuqtalarning va faqat shu nuqtalarning koordinatalari (fx,u)=0 tenglamani qanoatlantirsa, bu tenglama L chiziq tenglamasi deyiladi. Tekislikdagi Analitik geometriyada toʻgʻri chiziqlar, ikkinchi tartibli egri chiziqlar (ellips, parabola, giperbola) batafsil oʻrganiladi. Fazoda ham Dekart koordinatalar tizimi kiritiladi va turli chiziqlar, tekisliklar, ikkinchi tartibli sirtlar ularning tenglamalari vositasida oʻrganiladi.

Analitik geometriyaning asosiy gʻoyasi R. Dekartnt «Geometriya» (1637-y.) kitobida birinchi marta toʻla bayon etilgan. Analitik geometriya taraqqiyotiga yana P. Ferma, G. Leybnis, I. Nyuton, L. Eyler katta hissa qoʻshganlar. Analitik geometriya metodlari matematika, mexanika, fizika va b. fanlarda keng qoʻllaniladi.

Tursun Azlarov.