AL-HUMRO SAROYI (arab, qizil; qizil saroy) — Ispaniyada arablar hukmronligi davridan qolgan meʼmoriy yodgorlik (Granada viloyati, 13 — 14-a. lar). Algamra nomi bilan mashhur. Al-humro saroyida turar joy, mehmonxona, masjid, haram, hammom va h. k. bor. Saroy Granada sh. chetidagi baland tepaga qurilgan. Uning devorlari qizil toshlardan ishlangan. Al-humro saroyining 2 hovlisi boʻlib, biri (Mirta)da hashamatli xonalar, katta hovuz va kalta ustunli ravoqlar bor. Saroyning yana bir qismida tojxona qad koʻtargan. Ikkinchisi «sherlar hovlisi» boʻlib, unda uy-joy binolari, oʻrtada oʻn ikki sher haykalli favvora bor. Saroy meʼmorligida amaliy bezak sanʼati katta oʻrin olgan. Al-humro saroyi suv oʻtkazgich quvur bilan taʼminlangan.