ALHON (arab. — kuylar, ohanglar; lahn soʻzining koʻpligi) — Sharq xalqlari vokal va cholgʻu musiqasining umumiy ifodasi. Alhon kuy, qoʻshiq maʼnolaridan tashqari, sheʼrni ohangli oʻqish, hofizlarning «Qurʼon» oʻqishi, bulbulning sayrashi, xutba oʻqish ka-bilarni ham oʻz ichiga oladi. Alhonning turlari koʻp: A. basitiy (oddiy Alhon) — cholgʻu kuyi yoki sheʼrni ohangga solib oʻqish; A. jirmiy (toʻliq Alhon) — sheʼr va ritm-usullarni mujassamlantirgan musiqa asari; A. infioliya (gʻamgin, mayus Alhon); A. mulazza (lazzatbaxsh Alhon) — goʻzallikni ifodalaydigan va noziq his-tuygʻular qoʻzgʻatadigan musiqa asarlari; A. muhayyila (tasavvur ettiruvchi Alhon) — insonni xayolga choʻmdiruvchi musiqa asarlari; A. xattiy (eng oddiy Alhon) — vokal musiqa asarlarini tashkil etuvchi elementlar — har bir nagʻma, usul va sheʼrning yakka-yakka holdagi ifodasi. Alhon qadimgi risolalarda parda (maqom) uyushmalarini, sozanda, xonandalarning ijro mahoratini oshiradigan mashqlarni ham ifodalagan.
Ad.:Mahmud Koshgʻariy, Devonu lugʻotit turk, T., 1963; Alisher Navoiy, Muhokamatul-lugʻatayn, T., 1948,Rajabov Isʼhoq, Maqomlar masalasiga doir, T., 1963.