ALT

ALT (ital. alto — yuqori, baland) — ovoz va soz turi;

1) xor yoki vokal ansamblda partiya, xonanda bolalar yoki ayollar (messo-soprano, kontralto)ning past (yoʻgʻon) ovozi. Tenordan yuqori yoziladi;

2) xonanda oʻgʻil bolalarning past (yoʻgʻon) ovozi;

3) skripkasimon sozlar guruhiga mansub 4 torli kamonli soz, shaklan skripkadan kattaroq, kvinta past sozga ega. Alt turli ansambllarda va simfonik orkestrda joʻrnavoz va yakkanavoz soz sifatida ishlatiladi;

4) Alt yoki altgorn — puflama sozlar orkestridagi mis soz;

5) orkestr sozlarining Alt turlari: domra-A., klarnet-A., trombon-A. va b. Ayrim oʻzbek xalq cholgʻulari (dutor, sato, afgʻon rubobi)ning diapazoni Alt diapazoniga toʻgʻri keladi. Oʻzbek xalq cholgʻulari orkestri tarkibidan yangi yaratilgan dutor-A. va gʻijjak-A. oʻrin olgan. Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan torli sozlar ijrochilari tanlovida Alt ijrochilari ham qatnashadi. Oʻzbekiston kompozitorlari torli Alt uchun yirik asarlar yaratishgan (mas, B. Zeydmanning Alt va simfonik orkestr uchun 1—2-konsert, Alt va fortepiano uchun konsertinolari; Hab. Rahimovning Alt va orkestr uchun konserti, A. Kozlovskiyning gʻijjak-, A. va fortepiano uchun sonatasi va b).