ALUFA

ALUFA, ulufa (arab. — xashak, yem) — 1) harbiy qoʻshin va lashkar ixtiyoridagi ot-ulov uchun aholidan toʻplanadigan natural soliq. Choparlar va elchilarning ot-ulovlari ham Alufa orqali yigʻilgan yemxashak bilan taʼminlangan. Jangchilarga beriladigan maosh ham Alufa deb atalgan. Mas. «Temur tuzuklari»da Amir Temur «Yana buyurdimki, oʻnboshi yuzboshining tasdigʻi b-n, yuzboshi mingboshining tasdigʻi b-n, mingboshi amir ulumaroning tasdigʻi bilan ulufa olsinlar» deb koʻrsatma beradi. Alufa istilohi 12-a. dan maʼlum;

2) 18-a. da Buxoro xonligida gʻoziilarni natura (bugʻdoy va b.) hamda pul bilan taqdirlash.