ALIMAHSUMOV Orif (1927.21.5, Toshkent) — xonanda va sozanda, Oʻzbekiston xalq artisti (1977). Dastlab buvasi Usta Qoʻchqordan ommaviy kuy va qoʻshiqlarni, xonanda E. Haydarovdan katta ashula, Yu. Rajabiy va F. Sodiqovdan maqom yoʻllarini oʻrgangan; Toshkent teatr va rassomlik sanʼati intini tugatgan (1967).
Oʻzbek estrada teatri (1956-57), Oʻzteleradio (1957-86)da yakkaxon, Oʻzteleradio huzuridagi Yunus Rajabiy nomidagi makom ansambli (1976— 79 va 1983—86), etnografik ansambl (1979—83) badiiy rahbari, ayni paytda Yangiyoʻl sh. Madaniyat uyi maqomchilar ansambli rahbari (1972—78), Toshkent davlat konservatoriyasi (1983—85), Toshkent davlat sanʼat in-tida (1986-y. dan) katta oʻqituvchi, dotsent. A. tabiatan diapazoni keng, kuchli, lekin mayin ovozga ega. Xonandalikning turli uslublari, ayniqsa, ishkamiy anʼanalarini puxta oʻzlashtirgan. Hajman yirik, baland avjli ashula, katta ashula va maqom yoʻllarini ravon va erkin kuylaydi. «Shashmaqom», «Oʻzbek xalq musiqasi» va b. qator filmlarda maqom va katta ashula yoʻllarini ijro etgan. Xalqaro musiqa anjumanlari (Moskva, 1971; Samarqand, 1978, 1983 va b.)ning konsertlari qatnashchisi. «Sogʻlom avlod uchun» (1997), «El-yurt hurmati» (2000) ordenlari bilan mukofotlangan.