ABDURASULBOY MADRASASI

ABDURASULBOY MADRASASI — Xivadagi meʼmoriy yodgorlik (1906). Madrasa (30×65 m) ikki hovlili. Gʻarbiy hovli (6,9×3,6 m)ning ikki burchagida ikkitadan chorsi xona, jan. da gumbaz tomli mayejid, shim. da balxi gumbazli, ikki eshikli xona bor. Bu hovliga ikki tomoni darchali daxliz orqali kiriladi. Sharqiy hovli (7,1×5,5 m) ham hujralar bilan oʻralgan. Dahliz tepasidagi kichik xonalar, talabalar yashaydigan va b. hujralar balxi gumbazlar bilan yopilgan. Devorlari silliqlangan gʻishtdan. Peshtoqi va dandanasiga yashil koshindan bezaklar ishlangan.